Tuyaboʻgʻiz suv ombori
Tuyaboʻgʻiz suv ombori (Toshkent dengizi) – Toshkent viloyatidagi gidrotexnika inshooti, Ohangaron daryosining oʻrta oqimida barpo etilgan suv ombori. Daryodagi ikkita suv omboridan biri (ikkinchisi Ohangaron suv ombori). Suv omboridan Chapqirgʻoq Qorasuv kanali Tuyaboʻgʻiz chapqirgʻoq kanaliga suv beriladi[1].
Tuyaboʻgʻiz suv ombori | |
---|---|
Tuyaboʻgʻiz suv ombori toʻgʻon yaqinda | |
Morfometriya | |
Maydoni | 20 km² |
Sigʻimi | 0,25 km³ |
Oʻrtacha chuqurligi | 12,5 |
Xarakteristikasi | |
Toʻldirilgan yili | 1962 |
Havzasi | |
Quyiladigan irmoqlar | Ohangaron |
Oqib ketadigan irmoqlar | Tuyaboʻgʻiz kanali |
Joylashuvi | |
Hudud | Toshkent viloyati |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Tuyaboʻgʻiz suv omborining shimoliy qirgʻogʻida Tuyaboʻgʻiz shaharchasi joylashgan.
Suv yuzasi maydoni 20 km². Oʻrtacha chuqurligi – 12,5 m. Umumiy hajmi 250 mln.m³, foydali hajmi 224 mln. m³ ni tashkil etadi [1]. Ohangaron hamda Chirchiq[izoh 1] daryolari suvini mavsumiy tartibga soladi.
Suv ombori 1962-yilda qurilgan. Gidrotexnik inshoot loyihasi Sredazgiprovodxlopok instituti tomonidan ishlab chiqilgan[1][2]. Koʻtarma tuproq toʻgʻon, chap va oʻng qirgʻoq suv chiqargichlar va suv tashlagichdan iborat. Toʻgʻonning uzunligi 2,4 km, ikki chekkasi qumoq tuproqdan qurilgan. Ombor gidrouzeli 1,9 km uzunlikdagi dambaga tutashgan. Toʻgʻonning markaziy qismi Ohangaron daryosining tekisligini toʻsadi. U qumli yadrodan hosil boʻlib, uning yuqori va pastki qismida qirralarga qarab qalinligi pasaygan toshlar bilan toʻldirilgan. Yuqorida 2 × 2 × 0,2 m oʻlchamdagi yarimfabrikat temirbeton plitalar va monolit temirbeton bilan mustahkamlangan. Toʻgʻon ustidan Toshkent – Bekobod avtomobil yoʻli oʻtadi.
440 m uzunlik va suv sarfi 760 m³/sek boʻlgan tezoqar koʻrinishidagi suv tashlagich suvni 34 m pastlikka uzatadi[1][2]. Suv tashlagichning yemirilishini bartaraf etish uchun undan 600 m uzoqlikda umumiy balandligi 40 m boʻlgan ochiq tipdagi ikki bosqichli sharshara qurilgan.
Suv omborida Ohangaronning turli qirgʻoqlaridan ikkita minora tipidagi chiqish joyi mavjud. Oʻng qirgʻoqdagi maxsus kanal orqali suv Chapqirgʻoq Qorasuvga (55 m³/s) oqib oʻtadi. Ikkinchi suv chiqarish joyi Tuyaboʻgʻiz chapqirgʻoq kanalining bosh regulyatori boʻlib xizmat qiladi (25 m³/s)[2].
Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etilgan. Suv ombori Toshkent viloyatining Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Oʻrta Chirchiq, Quyi Chirchiq tumanlarida sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilashga imkon berdi[1].
Toshkent dengizi havaskor baliqchilar orasi mashhur, uning suvlarida ilonbosh, zogʻora, laqqa va boshqa bir qancha yirik baliq turlari yashaydi[3].
Suv ombori toʻgʻonidan oʻtuvchi yoʻlni boshqa joyga koʻchirish rejalashtirilgan edi. Aylanma yoʻl 2003-yilgacha qurilishi kerak edi[4].
2017-yil iyul oyida suv omborida elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. 2019-yil 27-mart kuni quvvati 12 MVt boʻlgan Tuyaboʻgʻiz GES ishga tushirildi[5].
Adabiyotlar
tahrir- „Ташкентское водохранилище“, Ирригация Узбекистана, 12000 экз, Издательство «Фан» УзССР, 1975 — 317—318-bet.
Izohlar
tahrir- ↑ Chirchiq daryosi suvlarining bir qismi Toshkent kanali orqali oʻtadi va 1-dyuker orqali Ohangaron daryosiga quyiladi
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi T harfi T // Thimphu. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2000—2005 — 803 --bet.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „Ташкентское водохранилище“, Ирригация Узбекистана, 12000 экз, Издательство «Фан» УзССР, 1975 — 317—318-bet.
- ↑ „Туябугузское“ (ru). Рыбалка.ру. 2014-yil 8-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 25-noyabr.
- ↑ „Пункт 4 Постановления Кабинета Министров Республики Узбекистан «О мерах по повышению безопасности работы и надежности эксплуатации крупных и особо важных водохозяйственных объектов на период 1999—2005 годы» от 20 августа 1999 года № 398“ (ru). www.lex.uz. 2019-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 4-fevral.
- ↑ „В Узбекистане ввели в эксплуатацию Туябугузскую ГЭС“ (ru). Народное слово (2019-yil 27-mart). 2019-yil 31-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 7-aprel.