Tovlamachilik — mulkiy jinoyatlardan biri. Oʻzbekiston jinoyat huquqiga koʻra, T. jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zoʻrlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilish bilan qoʻrqitib oʻzgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yoʻsindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini oʻz mulki yoki mulkka boʻlgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qoʻyish demakdir. T.da faqat moddiy boyliklargina emas, balki mulkiy maqomdagi hujjatlar, qarz (tilxat), merosdan voz kechish toʻgʻrisidagi hujjat, moddiy boyliklarni olish uchun ishonch qogʻozi, sanatoriylarga yoʻllanma va hokazo ham tajovuz buyumi boʻlishi mumkin. T. jinoyati tamagirlik motivi bilan sodir qilinadi. T.da mulk zoʻrlik ishlatilib tortib olinmaydi, balki uning egasi tomonidan oʻz ixtiyori bilan beriladi. Shuningdek, T.da jabrlanuvchiga nisbatan qoʻllaniladigan doʻqpoʻpisa, agar jabrlanuvchi tovlamachining talabini bajarmasa, keyinchalik amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Koʻpgina hollarda T. shantaj, reket nomi bilan ham ataladi. Lekin shantaj ham, reket ham T.dan farq qiladi. Shantaj—shaxsiy sharmanda qiladigan maʼlumotlarni oshkor etish bilan qoʻrqitib, biron bir harakatni sodir ettirish boʻlsa, reket bir necha shaxslar tomonidan doʻq qilish, zoʻrlik ishlatish va qoʻrqitish orqali amalga oshiriladigan qilmishdir. T. uchun Oʻzbekiston Respublikasi JKning 165-moddasida jinoiy javobgarlik belgilangan.

Manbalar

tahrir