Soʻruvchilar
Soʻruvchilar — yassi chuvalchanglar sinfi. Hayvonlar, baʼzan odamning ichki parazita. Toʻgʻri ichakli kiprikli chuvalchanglardan kelib chiqqan. Gavdasining uzunligi bir necha mm dan 5 sm (baʼzan 1,5 m) gacha. Shakli bargsimon, baʼzan choʻziq. Odatda, 2 soʻrgʻichi bor. Ogʻiz soʻrgʻichi gavdasining oldingi uchida, uning tubida ogʻiz teshigi joylashgan. Qorin soʻrgʻichi ogʻiz soʻrgʻichidan orqaroqda, baʼzan gavdasining keyingi qismida. Tana qoplogʻichining epiteliy hujayralari parenximaga botib kirgan, kipriksiz. Hayot sikli murakkab nasl gallanishi va xoʻjayin almashinish orqali boradi. Tuxumi suvga tushganida undan kiprikli lichinka - miratsidiy chiqadi. Lichinka 1oraliq xoʻjayin (mollyuska) tanasiga oʻtib, sporatsistaga aylanadi. Sporatsista pedagenez (lichinka davrida koʻpayish) orqali 2 lichinka - rediyni hosil qiladi. Rediylar ichida 3lichinka - dumli serkariylar yetishadi. Serkariylar suvga chiqib, 2oraliq xoʻjayin (suv hasharotlari lichinkasi)ni zararlaydi va sistaga oʻralib, metatserkariyga aylanadi. 5000 dan koʻproq turi bor. So'ruvchilar - hayvonlar va odamda trematodoz kasalligini paydo qiladi[1].