Trixogramma
Trixogramma (Trichogramma) — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar urugʻi; ekinlar va oʻrmonzorlarga zarar keltiruvchi xavfli zararkunanda hasharotlar tuxumlari kushandasi. Butun dunyo faunasida T.lar avlodiga kiruvchi 143 tur mavjud. Oʻzbekistonda esa T.larning 15 turi topilgan, 6 tasining bioekologiyasi chukur oʻrganilgan. Qishloq xoʻjaligida ekinlar zararkunandasi boʻlgan tunlam kapalaklarning tuxumlarini yoʻqotishda asosiy biologik vosita sifatida ishlatiladi. Tanasining uz. 0,3—0,9 mm. T.ning qisqa qanotli va qanotsiz turlari mavjud. Moʻylovi 5—9 boʻgʻimli, qanotlari keng hoshiyali, oldingi qanotlari qisqa shokilali. Orqa juft kdnotlari ingichka. Urgʻochisining moʻylovi qisqa, bir halqali, xivchini ikki boʻgʻimli. Erkaklari koʻpincha qanotsiz yoki qanoti soddalashgan. T. polifag boʻlib, 200 ga yaqin turdagi hasharot tuxumini zararlaydi. Asosiy va bosh xoʻjayinga ega. Faqat lichinkasi tekinxoʻrlik (parazitlik) qiladi. Yetuk hasharotlar gul shirasi va shudring bilan oziqlanadi. Urgʻochi T. xoʻjayin organizmning yangi qoʻyilgan tuxumi ichiga oʻz tuxumini qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan T. lichinkasi xoʻjayin tuxumi ichidagi moddalar bilan oziqlanib rivojlanadi. Oziqlanib boʻlgan T. lichinkasi shu yerda gʻumbakka aylanadi. Gʻumbakdan shakllangan yetuk individ tuxum poʻstini teshib tashqariga chiqadi; endigina uchib chiqqan jinsiy yetuk urgochi hasharot darhol erkak T. bilan juftlashib, tuxum qoʻya boshlaydi.
T.ning rivojlanish davri havo harorati 25—30° va namligi 30—70% boʻlganida 7—35 kun davom etadi. Yetuk hasharotlar 3—18 kun yashaydi. Shu davr mobaynida bir urgʻochi hasharot 25—92 dona tuxum qoʻyishi mumkin. Tabiatda T. turlari Oʻzbekistonning barcha madaniy dehqonchilik zonalarida va, shuningdek, togʻlardagi yovvoyi oʻsimliklarda, choʻl, chala choʻllarda ham uchraydi. Tabiiy sharoitda 14—15 avlod beradi. T.dan hasharotlarga (tunlamlar, parvonalar, odimchilar va boshqalar) qarshi kurashda foydalaniladi. Maxsus biolaboratoriyalarda koʻproq pintoi Voegele turi tunlam tuxumlarini yoʻqotish uchun koʻpaytiriladi (qarang Biofabrika). Dalalardagi kemiruvchi tunlamlarga qarshi uch marta har gektariga 200 ming donadan yetuk T. tarqatish tavsiya etiladi. Mas., gʻoʻza tunlamining har bir avlodiga karshi gektariga 60Q80Q60 ming dona yetuk T. hisobida (tuxum qoʻyish boshlanishida va 4—5 kun oralatib yana 2 marta) tarkatish yaxshi samara beradi. T.ni zararkunanda hasharotning tuxum qoʻyishi boshlangan davrda ertalab yoki kechki salqin paytda tarqatish maqsadga muvofiq; bir tekisda tarqalishi uchun bir gektar maydonning 100 ta nuqtasiga, yaʼni har 10 m da qoʻyiladi.
Tursunoy Otamirzayeva.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |