Trop (yun. tropos — nutqning oʻzgarishi, boshqacha tuye olishi) — nutqning ifodaviyligi va taʼsirchanligini oshirish maqsadida soʻz va iboralarning koʻchma maʼnoda qoʻllanishidan iborat poetika va stilistika tushunchasi; shunday maʼnoda qoʻllangan soʻz va iboralarning umumiy nomi. Bunda odatiy tarzda maʼlum bir predmet (hodisa, jarayon, xususiyat va boshqalar) nomini atovchi soʻz, soʻz birikmasi muayyan nutq vaziyatida boshqa predmet (voqea, jarayon va boshqalar) ni bildirish uchun qoʻllanadi; hosila soʻz, yaʼni koʻchma maʼnodagi soʻz oʻzining kelib chiqishiga asos boʻlgan soʻz (soʻz birikmasi) bilan oʻxshashlik yoki aloqadorlik jihatdan bogʻliq boʻladi. Ular orasida maʼlum darajada miqdoriy yoki sifatiy tafovutlar boʻlishi mumkin. Masalan, "burgut" soʻzi qushning nomi boʻlish bilan birga, shu qushning odatiy sifatlari, xususiyatlari (shiddatkorlik, koʻzi oʻtkirlik, qoʻrqmaslik)ga ega boʻlgan kishining tavsifi sifatida ham qoʻllanadi. "Stadion gʻoliblarni olqishladi", "tirnoqqa zor boʻlmoq" iboralaridagi "stadion" va "tirnoq" soʻzlari ham asl maʼnosidan boshqacha maʼnoda qoʻllangan. T.ning koʻp tarqalgan turlari: istiora (metafora), metonimiya, sinekdoxa, majoz (allegoriya), kinoya, sifatlash (vasf, epitet), kichraytirish (litota), mubolagʻa (giperbola), jonlantirish (tashxis, intoq), perifraza va boshqa "T." termini dastlab yunon faylasufi Aristotel tomonidan ayrim T.larni, xususan, metaforani oʻrganish jarayonida sillogizm shaklini ifodalash maqsadida qoʻllangan (mil. av. 4-asr). Strukturaviy tilshunoslik, matn lingvistikasi kabi tilshunoslik tarmoqlarining yuzaga kelishi T.ga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirdi. Natijada T. semantik transpozitsiya (maʼnoviy koʻchish)ning hosilasi tarzida oʻrganiladigan boʻldi. Oʻzbek tilshunosligida T.ning mazkur koʻrinishlari alohida-alohida tadqiqotlarning manbai boʻlib, badiiy matnlar asosida atroflicha oʻrganilgan.

Adabiyot

tahrir
  • Lingvistika i poetika, M., 1979; Oʻzbek tili stilistikasi, T., 1983.

Ibodulla Mirzayev.