Tunis (shahar)
Tunis — Tunis poytaxti. Mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Tunis viloyatining maʼmuriy markazi. Oʻrta dengizning Tunis buxtasi gʻarbiy sohilida joylashgan. Iqlimi subtropik dengiz iqlimi, oʻrtacha oylik harorat yanvarda 10,2°, iyulda 25,6°. Yillik yogʻin 450 mm chamasida. Aholisi 702,3 ming kishi (1998). Transport yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yirik port, chetga temir rudasi, fosforit, sharob, meva-sabzavotlar chiqariladi. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, metallsozlik, kimyo, sement, oynashisha, poligrafiya, rangli metallurgiya sanoati korxonalari mavjud. Tunis universiteti, Milliy konservatoriya, ilmiy tadqiqot muassasalari, institutlar, kutubxona, teatr, Bardo muzeyi, Islom sanʼati muzeyi va boshqa bor.
Tunis | |
---|---|
36°48′3″N 10°10′48″E / 36.80083°N 10.18000°E | |
|
Tunis Karfagen shahrining yoʻldosh shahri sifatida mil. av. bunyod etilgan. 7-asr oxiri-8-asr boshlarida Karfagenni arablar egallaganidan soʻng, Tunis Shimoliy Afrikaning yirik iqtisodiy va madaniy markazi sifatida rivojlandi. 13-16-asrlarda Hafsiylarning sharqiy magʻrib davlati poytaxti. 1535-yilda ispan qoʻshinlari tomonidan egallanib, xonavayron qilingan. 1574-yildan Usmonli turk saltanati tarkibida. 1891-1956-yillarda Fransiya protektorati maʼmuriy markazi. 1956-yil 20-martdan mustaqil Tunis poytaxti. Meʼmoriy yodgorliklardan Katta Masjid (Jome az-Zaytuna; 8-asr), AlQasr masjidi (12-asr), 17—19-asrlarda qurilgan saroylar, Tunis shahridan 12 km shimoli-sharqda, dengiz sohilida Karfagen shahrining xarobalari saqlangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |