Turin
Turin — Italiyaning shimoliy qismidagi shahar, Po daryosi boʻyida. Pyemont viloyati va Turin provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 857,4 ming kishi (2000). Transport yoʻllarining yirik tuguni. Mamlakatning muhim sanoat va madaniy markazi. Sanoatida "FIAT" konserni yetakchi oʻrinda. Mamlakatda ishlab chiqariladigan avtomobillarning 90%, traktorlar, samolyot, aviamotor, temir yoʻl va elektrotexnika jihozlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi. mashinalari, aniq mexanika va optika, radioelektronika, harbiy sanoatlar rivojlangan. Qora va rangli metallurgiya, kimyo, rezina, farmatsevtika, poligrafiya, toʻqimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari ishlab turibdi. Universitet (15-asr), sanʼat, arxeologiya va boshqa muzeylar, kartinalar galereyasi, Xalqaro avtomobil va texnika salonlari bor. Turin —Italiyada modali kiyimlar tikish markazi.
Shaharga mil.av. 29—28 yillarda rimliklarning harbiy istehkomi sifatida qishloq oʻrnida asos solingan. 1720—1860-yillarda Sardiniya qirolligi, 1860—65 yillarda Italiya qirolligi poytaxti. T.da antik davr, oʻrta asrlarga oid va Uygonish davri meʼmoriy yodgorliklari saqlangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |