Tuxumdon apopleksiyasi – tuxumdonning toʻsatdan yorilishi, odatda tuxumdon kistasi oʻrnida yuzaga kelib, tuxumdon toʻqimalaridan qon ketishi yoki intraperitoneal qon ketish bilan birga keladi.

Belgilari

tahrir

Apopleksiyaning klinik belgilari ushbu kasallikning asosiy mexanizmi bilan bogʻliq:

 
Ushbu rasmda tuxumdonlar tasvirlangan, ulardan biri normal ishlaydi (chapda) va sogʻlom, ikkinchisida apopleksiya yoki organdan qon ketishi mavjud. Oʻng tarafdagi tuxumdon buzilgan, qon ketmoqda. U organizmning ozuqa moddalari bilan taʼminlanishdan uzilib qolgan va nekroz boshlangan. Apopleksiya miya va oshqozonda ham sodir boʻlishi mumkin.
  1. Ogʻriq, birinchi navbatda, hayz siklining oʻrtalarida yoki hayz koʻrishning ozgina kechikishidan keyin (masalan, sariq tananing kistasi yorilishi paytida) yuzaga keladi. Ogʻriq koʻpincha qorinning pastki qismida aniqlanadi. Baʼzida ogʻriq toʻgʻri ichakka, bel yoki kindik sohasiga tarqalishi mumkin[1].
  2. Qorin boʻshligʻiga qon ketishi, quyidagilar hisobiga boʻlishi mumkin:
  • past qon bosimi
  • yurak urishi tezligining oshishi
  • holsizlik va bosh aylanishi[2]
  • hushidan ketish
  • titroq
  • isitma 38 °C gacha koʻtariladi
  • qusish
  • ogʻiz qurishi

Baʼzida hayz siklidan keyin intermenstrual qon ketish boʻlishi mumkin. Koʻpincha tuxumdon apopleksiyasi jinsiy aloqadan yoki sport zalida mashgʻulotdan keyin, qorin boʻshligʻidagi bosim ortganida yoki tuxumdon toʻqimalarida zoʻriqish boʻlganida sodir boʻladi. Biroq, tuxumdon toʻqimalarining yorilishi boshqa kasalliklar bilan birga sodir boʻlishi ham mumkin.

Patogenezi

tahrir

Jinsiy jihatdan yetuk ayolning normal tuxumdon siklida tuxumdonlarda bir yoki bir nechta follikulalar oʻsadi. Follikuladagi ootsit potensial urugʻlanishga tayyorgarlik koʻrish uchun rivojlanib boradi. Sikl davom etar ekan, dominant follikulalarning kamroq soni (odatda faqat bittasi) ajralib chiqa boshlaydi va siklning oʻrta nuqtasida maksimal oʻlchami taxminan 20 mm ga yetadi. Bu bosqichga kelib, ootsit yetilgan tuxum hujayrasiga aylanishni tugatadi va ovulyatsiya sodir boʻladi – follikula yorilib, tuxum hujayrasini chiqaradi. Yorilgan follikula vaqtinchalik kistani – sariq tanani hosil qiladi. Sariqlik tanasi bu siklni davom ettirish va bachadon shilliq qavatini urugʻlanishga tayyorlash uchun gormonlar ishlab chiqaradi. 

Tuxumdonlar toʻqimalarida distrofik va sklerotik oʻzgarishlar, bachadondagi oʻtkir va surunkali yalligʻlanish jarayonlari, tuxumdon polikistozi sindromi va boshqa baʼzi kasalliklarda, shuningdek, ovulyatsiyani stimullaydigan dorilarni qabul qilish natijasida ovulyatsiya jarayoni va sariq tananing shakllanishida maʼlum tartibsizliklar yuzaga keladi. Natijada tuxumdondagi qon tomirlari qisqaradi, kengayadi va tuxumdon ichidagi qon ketishini yuzaga keltiradi. Keyin qon tomirlarining moʻrtligi tufayli sariq tanada qon ketishi yuzaga kelishi mumkin va bu gematomaga olib keladi. Bu holat ogʻriq, holsizlik, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, qusish, teri rangining oqarib ketishi, baʼzan hushidan ketish bilan birga kelishi mumkin. Agar davolanmasa, ichki qon ketish kuchayib, inson salomatligi va hayotiga xavf solishi mumkin. Tuxumdon apopleksiyasining boshqa sabablariga qorin boʻshligʻining shikastlanishi, haddan tashqari jismoniy stress, kuchli jinsiy aloqa, ot minish kabilar kiradi.

Tasniflash

Tuxumdon apopleksiyasining 3 turi mavjud:

  1. Ogʻriqli turi – asosiy simptom – intraperitoneal qon ketish belgilarisiz ogʻriq.
  2. Anemik turi – asosiy simptom ichki (qorin boʻshligʻiga) qon ketishi, ogʻriqsiz.
  3. Aralash tip – ogʻriq va intraperitoneal qon ketishining kombinatsiyasi.

Biroq, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu tasnif yetarli emas, chunki tuxumdon apopleksiyasi qon ketishsiz boʻlishi mumkin emas.

Shuning uchun yangi klassifikatsiya ishlab chiqilgan boʻlib, unda tuxumdo apopleksiyasi ogʻirlik darajasi qon yoʻqotish hajmiga qarab yengil, oʻrtacha ogʻir va ogʻir turlarga boʻlinadi.

Diagnostikasi

tahrir

Kasallikning odatdagi shikoyatlari hayz davrining oʻrtalarida yoki ikkinchi yarmida paydo boʻladi. Tekshiruvda shikastlangan tuxumdonning kuchli ogʻrigʻi va qorin pardaning taʼsirlanish simptomi ijobiy boʻladi. Umumiy qon tahlilida gemoglobin darajasining sezilarli darajada pasayganligini (tuxumdon apopleksiyasining anemik va aralash shakllarida) koʻrish mumkin. Chanoq boʻshligʻi aʼzolarining ultratovush tekshiruvida shikastlangan tuxumdonda qon ketishi belgilari boʻlgan katta sariq tananing kistasi va/yoki qorin boʻshligʻida erkin suyuqlik (qon) aniqlanadi. Tuxumdon apopleksiyasi tezkor jarrohlik talab qiluvchi patologiya boʻlgani sababli, tashxisni tezda tasdiqlash kerak, chunki tuxumdon apopleksiyasi va jarrohlik aralashuvi oʻrtasidagi kechikishlar qon yoʻqotish hajmini oshiradi va hayot uchun xavfli boʻlishi mumkin.

Davolash

tahrir

Davolash tuxumdon apopleksiyasining turiga va qorin boʻshligʻiga qon ketishining ogʻirligiga bogʻliq. Apopleksiyaning turi va darajasidan qatʼi nazar bu holat kasalxonada davolanishi kerak. Qorin boʻshligʻida qon ketish belgilari boʻlmagan ogʻriqlar boʻlsa, konservativ terapiya boshlanishi mumkin. Bu yotoq rejimi, spazmolitikarni va fizioterapiyani oʻz ichiga oladi. Agar qorin boʻshligʻiga ichki qon ketishi boʻlsa yoki shunga shubha qilingan boʻlsa, laparoskopiya yoki laparotomiya orqali jarrohlik yordami koʻrsatiladi. Boshqa muolajalar qon ketishini toʻxtatish yoki tuxumdonning zararlangan qismini rezeksiya qilishni oʻz ichiga oladi. Biroq, tuxumdonning katta qismi shikastlangan hollarda, uni toʻliq olib tashlash talab qilinishi mumkin. Kasalxonadan chiqarilgandan soʻng, bu holat yana takrorlanishining oldini olish uchun choralar koʻrish muhimdir. Bu chora-tadbirlar tuxumdonlar faoliyatini nazorat qilish uchun xavf omillaridan qochish yoki ogʻiz kontratseptivlari qabul qilishni boshlashni oʻz ichiga oladi.

Manbalar

tahrir
  1. "Ovarian apoplexy, ovarian pregnancy and the IUCD". European Journal of Obstetrics & Gynecology and Reproductive Biology 3 (1): 3–5, 7–9. 1973. doi:10.1016/0028-2243(73)90003-8. 
  2. „5 Signs Of A Ruptured Ovarian Cyst“ (2014-yil 18-oktyabr).