Tuyamoʻyin dashti
Tuyamoʻyin dashti - Andijon va Fargʻona viloyatlari hududidagi dasht. Gʻarbda Muyan va Arsif, shimolida Qorachatir tizmalari, sharkda Ulugʻtogʻ, janubida Qizilqiya adirlari oraligʻida. Geologik jihatdan adirlar oraligʻidagi botiq. Uzunligi 36—38 km, eni 28 km. Paleozoy, mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari keng tarqalgan. 1—5 km chuqurliqda boʻr davri yotqiziqlari uchraydi. Ustki qismi toshshagʻal jinslardan tuzilgan. Gʻarbga tomon qiya. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 40°. Qishi iliq, yanvarning oʻrtacha temperaturasi —2°, eng past temperatura —16°. Vegetatsiya davri 180 kun. Yillik yogʻin 200—250 mm, asosan, bahor oylarida yogʻadi. Tuprogʻi tipik boʻz tuproq. Oʻsimliklari shuvoq, burgan hamda efemerlardan iborat. Dashtning oʻzlashtirilgan qismida tamaki, makkajoʻxori ekiladi, bogʻdorchilik bilan shugʻullaniladi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |