Tyepolo Jovanni Battista
TYEPOLO (Tiepolo) Jovanni Battista (1696.5.3, Venetsiya 1770.27.3, Madrid) — italyan rassomi, rasm ustasi, oʻymakor naqqosh; 18-asr Venetsiya maktabining yirik vakili. G. Ladzarinidan taʼlim olgan, P. Veroneze va J.B.Pyatsettadan ilhomlangan. Asosan, Venetsiyada, shuningdek, Milan (1731-32, 1732, 1740), Vyursburg (175053), Madrid (1762-70)da ishlagan. T. ijodi 16—18-asrlar italyan monumental sanʼati taraqqiyotiga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi; uning freska va kartinalari tubsiz kengliklari, tuganmas joʻshqinligi va erkin tasviri, nurhavo taʼsirining mukammalligi, boʻyoklarining yengil va shaffofligi, rakurslarining favquloddaligi bilan jahon monumental bezak sanʼatining choʻqqilaridan biriga aylandi. T.ning ilk asarlaridayoq ijodiga xos boʻlgan harakatchan shakllar, keskin nursoya hamda boy tasavvuri koʻzga tashlanadi (1725-yildan soʻng Venetsiyadagi Dolfino saroyi uchun tayyorlangan kartinalar turkumi). 1735-yildan T. asarlari erkin va joʻshqin tus oldi, ranglar yorqinlashdi va nozik tuslar bilan boyidi [Venetsiyadagi Jezuati (1737—39) va Skaltsi (1743— 44) cherkovlaridagi plafonlar va boshqa]. Rassom asarlarida interyerlarni illyuziyali kengaytirib va chuqurlashtirib, bezaklarni meʼmoriy kenglikka mahorat bilan uygʻunlashtirgan. Dastgoh asarlari obrazlarining yorqin taʼsirchanligi va mahoratli usuli bilan hayratga soladi ("Amfitratning zafari", taxminan 1740, Drezden kartinalar galereyasida va boshqalar). T. portretlar ("Arendagi toʻplam" koʻp shaklli kompozitsiya, 1748—50 va boshqalar), oʻta taʼsirchan grafik asarlar ("Turli xil gʻaroyibotlar", "Xayol hazillari" ofortlar turkumlari va boshqalar) muallifidir.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |