Ubaydulla Karimov
Ubaydulla Isroilovich Karimov (1920.1.4 — Toshkent — 1997.11.10) — oʻzbek sharqshunos olimi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1980), filologiya fanlari doktori (1972). Oʻrta Osiyo industrial institutining kimyo-texnologiya fakulteti (1941) va Oʻrta Osiyo universitetining sharq fakultetini (1949) tugatgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1941—1942). Oʻrta Osiyo universiteti sharq fakultetida fors tilidan dars bergan (1949—1952). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik, soʻng katta ilmiy xodim (1952—1958), Sharq qoʻlyozmalarini tavsiflash va kataloglashtirish (1959—1975), Sharq yozma yodgorliklarini oʻrganish va nashr etish (1976—1988) boʻlimlari mudiri, yetakchi ilmiy xodim (1988—1990), bosh ilmiy xodim (1990—1997).
Ilmiy faoliyati
tahrirKarimovning asosiy ilmiy faoliyati Sharq kimyosi, dorishunosligi, tabobat tarixi kabi sohalarni oʻrganishga qaratilgan. U shu sohalarga oid arab va fors tillaridagi yirik qoʻlyozma manbalarini tarjima va tadqiq etgan. Karimov Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondidagi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziyning fanga nomaʼlum boʻlgan kimyoga doir asari — "Kitob sirr ul-asror" ("Sirlar siri kitobi") qoʻlyozmasini oʻrganib, bu haqda ilmiy asar yozdi. Karimov Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining asosiy tadqiqotchisi va tarjimonidir. U Ibn Sino "Tib qonunlari" asarining oʻzbek va rus tillaridagi toʻliq nashrini tayyorlash va tarjima qilishda qatnashgan. Beruniyning "Kitob as-saydana fit-tibb" ("Farmakognoziya") asarini tarjima va tadqiq etgan. Beruniyning rus tilidagi 7 jildli Tanlangan asarlarini nashrga tayyorlash (1957—1987)da ishtirok etgan. Karimov Ibn Sino ijodini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro simpozium (Tehron, 1955)da ilmiy maʼruzalar qilgan. U Iordaniya kirollik akademiyasining faxriy aʼzoligiga saylangan (1984). Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).[1]
Vafoti
tahrir1997-yil 11-oktabrda vafot etgan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 2-darajali orden sohibi.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |