Umid nihollari sport oʻyinlari
"UMID NIHOLLARI" sport oʻyinlari - Oʻzbekistonning umumiy oʻrta taʼlim va bolalar-oʻsmirlar sport maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan ommaviy sport musobaqalari.
Tarixi
tahrirOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish toʻgʻrisida"gi qarori asosida tashkil etilgan hamda "Oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluk-siz sport musobaqalari tizimini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qaroriga binoan bu oʻyinlarning respublika final bosqichlari 3 yilda bir marta oʻtkazilishi belgilangan.
Maqsadi va tashkil etish tartibi
tahrirMaqsadi — umumiy oʻrta taʼlim va bolalar-oʻsmirlar sport maktablari oʻquvchilarini jismonan yetuk, ahloqan barkamol hamda vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, iqtidorli sportchi yoshlarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash, yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish. "Umid nihollari sport oʻyinlari" sport oʻyinlarida badiiy gimnastika, basketbol. voleybol, gandbol, yengil atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, tennis, futbol kabi olimpiada oʻyinlari dasturiga kirgan va shaxmat, belbogʻli kurash, kurash singari ommalashgan sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilgan. Saralash musobaqalari umumiy oʻrta taʼlim va bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, tuman, shahar va viloyatlarda, respublika final bosqichi bitta hududda tantanali ravishda tashkil etilgan.
Birinchi "Umid nihollari sport oʻyinlari" sport oʻyinlarining respublika final bosqichi 2002-yilda Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan. Keyingilari:
2003-yilda — Xorazm shahrida
2006-yilda — Qarshi shahrida
2009-yilda — Guliston shahrida
2012-yilda — Navoiy shahrida boʻlib oʻtgan.
Har uch yilda oʻtkazilgan "Umid nihollari sport oʻyinlari" musobaqalarida saralash boshqichlarida 3 mln.dan ziyod, uning final bosqichida 2114 nafar oʻquvchi qatnashgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |