Umurtqa pogʻonasining qiyshayishi

Umurtqa pogʻonasining qiyshayishi — normal umurtqa pogʻonasi shaklining oʻzgarishi. Odam umurtqa pogʻonasining 3 xil: skolioz (yonga), lordoz (oldinga) va kifoz (orqaga) qiyshayishi farq qilinadi.

Katta yoshdagi kishilarning umurtqa pogʻonasida old va orqa tomonga qaragan kichikroq bukilma boʻladi. Bu bukilma yoshlikdan astasekin ayniqsa bola tik turishga va yurishga oʻrgana boshlaganida vujudga keladi. Bu kasallik boʻlmay, balki fiziologik holat hisoblanadi. Umurtqa pogʻonasi kasalligida esa umurtqa pogʻonasining fiziologik holatdan chiqib, odd va orqa tomonga qarab qiyshayishi kuzatiladi.

Skolioz tugʻma (umurtqalarning notoʻgʻri rivojlanishi tufayli) boʻlishi mumkin, lekin koʻproq 5—15 yashar bolalarda, ayniqsa oʻquvchilar orasida uchraydi. Oʻquv mashgʻulotlari vaqtida bolalar partada gavdasini notoʻgʻri tutib oʻtirishi natijasida umurtqa pogʻonasiga va muskullariga ogʻirlik bir xilda tushmaydi. Oqibatda muskullar boʻshashib qoladi. Umurtqa pogʻonasi boylamlari va shaklining oʻzgarishi turgʻun skoliozga sabab boʻladi. Bolalarning yoshligida raxit bilan ogʻriganligi, katta yoshdagilarning esa doim bir qoʻlda yuk koʻtarishi ham skoliozga olib kelishi mumkin. Umurtqaning sinishi yoki uning ayniqsa sil oqibatida yemirilishi natijasida ham skolioz roʻy beradi. Kishining bir oyogʻi kalta boʻlib, oʻsha tomonga engashib qadam tashlashi funksional skoliozga olib keladi. Skoliozning oldini olish uchun bolalarni partada va stol atrofida toʻgʻri oʻtirishga oʻrgatish, vrach buyurgan davo badan tarbiyasi mashqlarini qunt bilan bajarish, massaj qilish, serharakat oʻyinlar, ochiq havoda sayr qilish, kattalar esa mehnat bilan dam olishni toʻgʻri almashtirib turishi, ish vaqtida i.ch. gimnastikasi bilan shugʻullanishi lozim.

Kifoz yoysimon boʻlishi mumkin. Bunda umurtqa pogʻonasining u yoki bu boʻlagi orqa tomonga qiyshaygan boʻladi va umurtqa pogʻonasining orqa tomonga turtib chiqishi kuzatiladi. Yoysimon kifoz umurtqa pogʻonasining koʻkrak boʻlimida koʻproquchraydi. Orqa muskullari tonusining keskin kamayishi, yoshlikda raxit bilan kasallanish, gavdani uzoq vaqt egib ishlash (stanokda yoki yozuv stolida) yoysimon kifozga sabab boʻladi. Kifozning oldini olish ham skoliozga oʻxshash. Davo gimnastikasi, fizioterapiya muolajalari, sanatoriykurortlarda davolanish buyuriladi. Umurtqa pogʻonasining orqa tomonga turtib chiqishi koʻproq koʻkrak umurtqalarida kuzatilib, bukrilik deb ataladi.

Lordoz da umurtqa pogʻonasi ichkariga qiyshayadi. Bunga koʻpincha chanoq suyagining son suyagi bilan tutashgan boʻgʻimining tugʻma chiqishi sabab boʻladi. Bel lordozi qoringa yogʻ yigʻilishidan ham paydo boʻladi. Lordozda umurtqalar deformatsiyalanadi va ogʻriydi. Umurtqa pogʻonasi shikastlangan qismining harakatlanishi qiyinlashadi. Lordozni davolashda uning sababi aniqlangach, vrach davo gimnastikasi va massaj buyuradi.

Umurtqa pogʻonasining qiyshayishiq.ning barcha xillarini oldini olish uchun bolalarni qadsiqomatini toʻgʻri tutishga oʻrgatish, tana muskullarini mustahkamlaydigan kompleks mashqlarni har kuni bajarib turish kerak.

Manbalar

tahrir