Mannon Uygʻur

(Uyg`urdan yoʻnaltirildi)

Mannon Uygʻur (taxallusi; asl ismsharifi Majidov Abdumannon) (1897.11.10 – Toshkent – 1955.15.10) – rejissyor, aktyor, dramaturg. Oʻzbekiston xalq artisti (1932). Yevropa shaklidagi oʻzbek teatr sanʼati va hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri (sobiq Hamza nomidagi teatr) asoschilaridan. 1916-yil „Turon“ truppasida aktyor sifatida ish boshlagan. Safarbek (N.Vezirov, „Uy tarbiyasining bir shakli“), Markiz Robl („Qotili Karima“), Hoji Baxshali (J. Qulizoda, „Oʻliklar“), Xizmatkor (A. Avloniy, „Advokatlik osonmi?“), Zahhok (A. Fitrat, „Abu Muslim“), Eshimqul (Uygʻur, „Turkiston tabibi“), Mahmudxon (Hamza, „Zaharli hayot“), Rahim aka (Gʻ.Zafariy, „Xalima“), Nuriddin (A.Fitrat, „Chin sevish“), Miller (F. Shiller, „Makr va muhabbat“), Karl Moor („Qaroqchilar“) kabi kulgili, dramatik, fojiaviy romantik obrazlar yaratgan. Teatrni jadidlar singari maʼrifat oʻchogʻi, ibratxona deb bilgan. 1919-yilda „Turon“ trupp sini qayta tiklab, unga isteʼdodli yoshlarni jalb etish, dramaturglar bilan yangi asarlar ustida ish olib borish, tarjima qilish, sahnalashtirish, sahna ijodkorlarini malakasini oshirish masalalari bilan muttasil shugʻullangan. 1918—20 yillar Abdulla Avloniyning „Advokatlik osonmi?“ komediyasini, Hamzaning „Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari“, „Boy ila xizmatchi“, „Tuhmatchilar jazosi“ asarlarini, Gʻozi Yunusning „Zahhoki moron“ tragediyasini, Abdulla Qodiriyning „Baxtsiz kuyov“, Gʻulom Zafariyning „Halima“, Fitratning „Abu Muslim“, „Chin sevish“ dramalarini sahnalashtirish bilan teatr repertuarini milliy asarlar bilan mustahkamlashga harakat qildi. Oʻzi yozgan „Turkiston tabibi“, „Fanniy uy“, „Oʻn ikki soatlik hokimiyat“ pyesalarini ham sahnalashtirdi. Shuningdek, ozarbayjon dramaturglari asarlari („Na qonur, na qondirur“, „Xoʻrxoʻr“, „Dursunali Ballibodi“, „Iblis“, „U oʻlmasa, bu oʻlsun“ va boshqalar)ni ham tarjima qilib sahnalashtirdi. U oʻzining koʻpqirrali faoliyati bilan havaskorlik truppasini Oʻzbek davlat oʻlka namuna teatri darajasiga olib chiqdi. Markaziy Osiyo boʻylab tomoshalar koʻrsatdi. 1922-yil teatr ishlarini yoʻlga qoʻyish uchun Buxoroga yuborilgan. „Abu Muslim“, „Halima“, „Turkiston tabibi“ asarlarini sahnalashtirib, buxorolik havaskorlarni saqna qonun qoidalariga oʻrgatadi. Karki shahrida birinchi teatr truppasi tashkil qiladi. 1923-yil Moskva davlat markaziy teatr sanʼati texnikumining rejissyor lik boʻlimiga oʻqishga kiradi. Shu yili uning tashabbusi bilan Moskvadagi Buxoro xalq maorifi uyi qoshida oʻzbek drama studiyasini ochishga qaror qilinar ekan, U. Buxoro, Toshkent, Andijon, Qoʻqon sh.laridagi teatrga isteʼdodli yoshlarni toʻplaydi. 1924-yil Moskvada Oʻzbek drama studiyasi ish boshlaydi. U. studiyaning ham talabasi, ham tashkilotchi rahbari boʻlib, Choʻlpon bilan birga studiya pedagoglari L. Sverdlin, R. Simonov, V. Kansel va boshqalarga tarjimonlik qilib, spektakllar qoʻyishda yordamlashadi. „Xasis“ (Molyer, U. Garpagon rolida), „Tergovchi“ (N. Gogol), „Malikai Turandot“ (K. Gotsii, U. Altoum rolida) spektakllarining yaratilishi va mamlakatimizda namoyish etilishida U.ning xizmati beqiyos. Oʻzi mustaqil „Shayx Sanʼon“ (H. Jovid), „Yorqinoy“ (Choʻlpon) kabi asarlarni sahnalashtirdi. 1927-yil U. boshliq 24 nafar oʻzbek yoshlari Samarqandga qaytib, Oʻzbek davlat drama truppasining oʻzagini tashkil qildilar. U. „Arslon“ (Fitrat), „Hujum“ (V. Yan, Choʻlpon), „Farhod va Shirin“ (Xurshid), „Mushtumzoʻr“ (Choʻlpon), „Tarix tilga kirdi“ (Z. Sayd, N. Safarov), „Niqob yirtildi“ (Z. Fatxullin), „Loyqalar“ (S. Husayn) kabi turli mavzu va janrda yaratilgan spektakllarida oʻz isteʼdodi va studiyada orttirgan tajribasini roʻyobga chiqarish, studiyani bitirgan va havaskorlikdan kirib kelgan aktyorlarni tarbiyalash harakatida boʻldi. U.ning rejissyorlik va aktyorlik mahorati yuksalib, Shekspirning „Xamlet“ tragediyasini sahnalashtirishi oʻzbek professional teatrining kamolot pallasiga oʻtganidan darak berdi. „Hamlet“dek murakkab asarni sahnalashtirishda U. aktyorlarni qirol saroyidagi kiborlarning kiyinishi, oʻzini tutishi, oʻzaro mulozamat, taʼzim, soʻz va nutq ustida qunt bilan ishlash, obrazlarning tarixiyfalsafiy moxiyatini ochish sari yoʻnaltirdi. Tomoshabinlarni esa bunday yuksak tragediyani idrok etishga tayyorlash maqsadida teatrning oʻzida, matbuot orqali tushuntirish ishlari olib borildi, maket va postanovka tarixiga oid koʻrgazma tashkil etdi; spektaklning maxsus dasturi va Choʻlpon tarjimasi eʼlon qilindi. Bosh rolni Abror Hidoyatov ijro etdi. Spektakl qatorasiga 22 kun oʻynalib, katta muvaffaqiyat qozondi. „Hamlet“ spektakli tufayli U. 30-yillardagi qatagʻondan omon krlgan boʻlsada, tahqirlangan bir sharoitda ijod qildi. Qachonki u bir asarni sahnalashtirmoqchi boʻlsa, uning yoniga albatta bir rus rejissyorini tayinlashardi. „Otello“ (N. Ladigin bn), „Muqanna“ (E. Mixoels bn). „Bir sevgi afsonasi“ (A. Ginzburg bn) kabi spektakllarni shu tahqir ostida sahnalashtirdi. „Jaloliddin Manguberdi“, „Hayot qoʻshigʻi“, „Alisher Navoiy“ spektakllarini mustaqil sahnalashtirgani uchun turli taftishlarga uchradi. Ayniqsa, „Alisher Navoiy“ dramasining sahnaviy talqini Navoiyni ideallashtirishda ayblandi. Tanqidiy mulohazalar ostida Navoiyni Majdiddin bilan ziddiyatlarini kuchaytirishga, Husayn Boyqaroni irodasizroq, subutsizroq qilib gavdalantirishga majbur boʻldi. Navoiyning oddiy xalq bilan aloqasini yanada kuchaytirdi. Sahna nutqi, talaffuz ustidagi ishini davom ettirib, goʻzal bir sahna tilining yaratilishiga erishdi. Spektaklda U.ning adolat, tenglik, insonparvarlik, mehrmuruvvat, sof muhabbat va nafosatni tarannum etishga qaratilgan rejissyorlik gʻoyalari aktyorlar yaratgan obrazlarda oʻz aksini topdi. 1948-yil „Alisher Navoiy“ dramasining yangi tahriri namoyish qilindi va katta muvaffaqiyat qozondi hamda U., asosiy ijrochilar Davlat mukofotiga sazovor boʻldilar (1949). Asar 42 yil mobaynida 760-marta oʻynalib, 350 ming tomoshabinga xizmat qildi. 1955-yil R. Hamroyev bilan birgalikda Muqimiy teatrida „Muqimiy“ (S. Abdulla) spektaklini sahnalashtirdi. Bu uning soʻnggi spektakli boʻldi. Milliy teatrda, Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida aktyor va rejissyorlarning uch avlodini tarbiyalab yetishtirishda U.ning xizmati katta. Toshkent sanʼat institutiga (1991), Surxondaryo teatriga (1978) Mannon Uygʻur nomi berilgan. Toshkent shahridagi koʻchalardan biri U. nomi bilan ataladi. Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001).