Vakuum-yoyli pech - metallarni vakuumda elektr yoy energiyasi hisobida eritadigan elektr qurilma. Gaz-razryadli tizim boʻlib, bunda yoy qayta eritiladigan metall bugʻlarida mavjud boʻladi. V.-yo.p.ning quymalarni mis kristallizatorlarda eritadigan, garnisajsa eritish yoʻli bilan metallardan shakldor quymalar oladigan; elektrodi sarflanadigan va elektrodi sarflanmaydigan xillari bor. Pechga oʻzgarmas tok yuborilganda elektr yoy hosil boʻlib, metallni vakuumda suyuqlantiradi. Har xil metallni eritishda turlicha bosimli vakuum qoʻllanadi. Masalan, poʻlat eritishda 0,1—1 Pa, titan eritishda 1—10 Pa, molibden eritishda 0,01—0,1 Pa vakuum hosil qilinadi. V.-yo. p.da poʻlat eritishda undagi qoʻshilmalar 2—3 martaga kamayadi, yirik qoʻshilmalar butunlay yoʻqoladi, azot konsentratsiyasi 30—35% ga, kislorodniki —2—3 martaga, oltingugurt 20% ga kamayadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil