Vannalar — gigiyena va davolash-profilaktika maqsadida qoʻllanadigan muolajalar. Suv (qarang Suv bilan davolash), balchiq (qarang Balchiq bilan davolash), qum (qarang Qumga tushish), havo (qarang Havo va quyosh vannalari) vannalari boʻladi. Koʻproq umumiy Vannalar qoʻllanadi. Oddiy suv vannalarida badanni suvga koʻmib yotiladi. Suv haroratiga qarab sovuq (22" gacha), iliq (33-36°), issiq (37-39°), qaynoq Vannalar; tarkibiga koʻra chuchuk suvli, tabiiy mineral suvli Vannalar, tabiiy va sunʼiy yoʻl bilan tayyorlangan gazli (karbonat angidridli, kislorodli, azotli), mineralli (karbonat angidridli, vodorod sulfidli, radonli, yodbromli, yana q. Balneoterapiya), dorivor (mas., xantalli, kraxmalli va hokazo), shuningdek xushboʻy (ignabargli daraxt ekstrati solingan) Vannalardan foydalaniladi. Vannalar vaqtiga koʻra qisqa muddat (1—5 min.), odatdagi (10—15 min.) va uzoq muddatli (30 min. —1 soat) boʻladi. Vanna qabul qilinganda nerv sistemasi analizatorlarining teridagi periferik reseptorlariga temperatura. mexanik va kimyoviy omillar taʼsir koʻrsatadi. Vannalar, odatda, massaj, elektr bilan davolash va b. davo muolajalari bilan birga qoʻllanadi. Gigiyenik Vannalarni uy sharoitida ham qilish mumkin. U terining fiziologik faoliyatini kuchaytiradi, jumladan ter va yogʻ bezlarining ishini, terining nafas olishini, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Gigiyenik Vannalar haftada 1—2 marta 20—30 min.dan qabul qilinadi. Davo Vannalari, odatda, mustaqil davo usuli boʻlmay, balki bemorni umumiy davolash tizimiga kiradi. Davo Vannalar oddiy Vannalar kabi qabul qilinadi. Suvga butun badan koʻmilib turadi, bosh, boʻyin, yurak sohasi ochiq qoladi. Mahalliy Vannalar koʻpincha qoʻl yoki oyoqqa buyuriladi, uni oʻtirib qabul qilinadi. Davo Vannalarining muddati suvning tarkibiga qarab belgilanadi. Vannalarning asosiy taʼsir etuvchi omillari nisbatini oʻzgartirib, har xil miqdordagi suvdan foydalanib (umumiy, mahalliy Vannalar) temperaturasi va muddatini turlicha olib, organizmga qoʻzgʻatuvchi va tonusni oshiruvchi yoki tinchlantiruvchi taʼsir koʻrsatish, moddalar almashinuvini kuchaytirish yoki susaytirish mumkin. Sovuq va salqin suvli Vannalar organizm tonusini oshirib, yurak-qon tomir hamda nerv sistemasini qoʻzgʻatadi, moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Iliq suvli Vannalar ogʻriqni kamaytiradi, muskullarni boʻshashtiradi, asabni tinchlantirib, uyquni yaxshilaydi. Issiq suvli Vannalar ter chiqishi va moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Dorivor Vannalarni koʻpincha uy sharoitida ham qoʻllash mumkin. Oʻtirib qabul qilinadigan Vannalarni qabul qilishda shunga moʻljallangan maxsus vannadan yoki uy sharoitida chuqur togʻoradan foydalaniladi.

Vannalarni mutaxassis shifokor tavsiyasiga koʻra qabul qilish lozim, aks holda davo koʻngildagidek natija bermasligi mumkin. Bolalarga davo Vannalar buyurilganda bolalar organizmining anatomo-fiziologik xususiyatlarini, shuningdek ularning hali bir qator aʼzo va sistemalari funksional yetilmaganligi, issiqqa taʼsirchanlikning mukammallashmaganini nazarda tutish lozim. Bolalar badani issiq-sovuqni juda tez sezadi, shuning uchun Vannalarga tushirishda alohida eʼtibor talab etiladi. Davo Vannalar qabul qilinadigan kuni toliqmaslik, vannadan keyin yotib dam olish tavsiya etiladi. Vannalarni kun oralatib yoki shifokor tavsiya etgan kunlardagina olish kerak. Umumiy davo Vannalarni nahorga va ovqatdan keyin bir oz vaqt oʻtmasdan qabul qilish yaramaydi, sovuq paytlarda vanna qabul qilingandan keyin shamollab qolmaslik uchun qalinroq kiyinib olish lozim.

I Karim Yoʻldoshev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil