Variometr
Variometr (lotincha: vario — oʻzgartiraman va ... metr) — 1) aviatsiyada — uchish balandligining oʻzgarishi tezligini koʻrsatadigan nazorat-oʻlchash asbobi. Ichi berk korpus (gʻilof) ichida joylashgan manometrik qutidagi atm bosimi bilan kapillyar orqali atmosferaga tutashgan shu korpusdagi bosim orasida paydo boʻladigan farqni oʻlchashga asoslangan. Uchish balandligi oʻzgarganda havoning kapillyar orqali oʻtishi tormozlanganligi oqibatida bosimlar farqi vujudga keladi va balandlik bir meʼyorda turganda bosimlar farqi yoʻqoladi; 2) radiotexnikada — radiopriyomnikning tebranish konturini sozlash, yaʼni zarur toʻlqinni qidirib topish uchun moʻljallangan oʻzgaruvchan induktivlik gʻaltagi. Gʻaltak qoʻzgʻalmas tashqi seksiya (stator) va qoʻzgʻaluvchi ichki seksiya (rotor)ga boʻlinadi. Radiopriyomnikni zarur toʻlqinga sozlash uchun rotorni stator ichida burish lozim boʻlardi. Hozir chulgʻamining ichida magnitodi-elektrik sterjen (oʻzak) harakatlanadigan induktivlik gʻaltagi qoʻllanadi. Bunda zarur toʻlqinni topish uchun oʻzakni chulgʻam ichida surish kerak; 3) magnit V. yer magnit maydonining vaqt mobaynida oʻzgarishlarini oʻlchash uchun moʻljallangan asbob. V.da sezgir magnit millar (strelkalar), magnitga toʻyingan yoki kvant datchiklardan foydalaniladi (qarang Magnitometr, Magnitograf); 4) tortishish (tortish) kuchini oʻlchashga moʻljallangan asbob (qarang Gravitatsion variometr).
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |