Vassargʻa — oʻrta hamda kechpishar xuraki va vinobop uzum navi. Xalq seleksiyasi yoʻli bilan Oʻzbekistonda chiqarilgan. Oq va qora V. xillari bor. Tupi oʻrtacha kuchli oʻsadi. Guli ikki jinsli. Bargi katta (16—18 sm), besh boʻlakli, kam kertikli, arra tishli. Oq V.ning uzum boshlari oʻrtacha (boʻyi 13— 20 sm, eni 6—10 sm), silindr-konussimon, oʻrtacha tigʻiz. Ogʻirligi 250 g. Gʻujumi oʻrtacha (17—19 mm), dumaloq, baʼzan tuxumsimon, sargʻish, karsillaydi, poʻsti yupqa. Avgust oʻrtalarida pishadi. Tarkibida qand 21—23% ga boradi. Hosildorligi 100—120 s/ga. Qora V.ning uzum boshlari katta (19—24 sm), konussimon, oʻrtacha tigʻiz, ogʻirligi 300—400 g. Gʻujumi oʻrtacha, dumaloq, qora, poʻsti qalin, sent.ning ikkinchi yarmida yetiladi. Tarkibida 22—23% qand bor. Hosildorligi 140—160 s/ga. Qora V.dan 1936-yildan "Vassargʻa" qizil desert vino ishlab chiqariladi. Oq V. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Fargʻona viloyatlarida, qora V. Qashqadaryo viloyatida koʻp ekiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil