Vitvatersrand
Vitvatersrand — dunyodagi eng yirik oltin-uranli havza (kon). JAR hududida (Transvaal va Oranj provinsiyalari) joylashgan. 1884 -y.da ochilgan. 1886-yildan ekspluatatsiya qilina boshlagan. 1952-yildan yoʻl-yoʻlakay uran olinmoqda. 1980-yilgacha kondan 36 ming t oltin olingan. Bu esa iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda olingan oltinning qariyb 1/3 qismini tashkil etdi. Oltinning umumiy zaxirasi 15,5 dan 18,7 ming t gacha, tovar rudasidagi oʻrtacha miqdori 9,3 g/t. 10 ta gorizontdan 4000 m gacha chuqurliqdan oltin olinadi. Ruda qazib olishning yirik markazlari: Yoxannesburg , Klerksdorp, Odendalsryus, Belkom. Shaxtalarda temperatura 50° dan yuqori. U3Og ning umumiy zaxirasi 128 ming t, ruda tarkibidagi oʻrtacha miqdori 0,02—0,05%. 1970-yillar 2-yarmida har yili 3,2 dan 5,5 ming t gacha uran olingan. 1970-yilda eng koʻp oltin olingan (1000,4 t). Keyingi yillarda olingan oltinning miqdori asta-sekin kamaya bordi. Yoʻl-yoʻlakay pirit, osmiyli iridiy guruhi minerallari, platinali metallar va kumush olinadi. Rudalanish asosan quyi proterozoy davri Vitvatersrand sistemasida joylashgan. Rudali konglomeratlardagi ruda jinslari (riflar) rudasiz kvarsit qatlamlari bilan birga uchraydi. Konglomeratlar riflar hosil qilgan, ularning sanoatbop xillari banket deb ataladi. Alohida konglomerat qatlamlarining qalinligi 2—3 sm dan 3 m gacha, uz. 3–4 km gacha. Rudali maydonda 3 yarus (yuqori, oʻrta va quyi) jinslari ishtirok etgan. Quyi yarus arxey davri gneys va kristalli slaneslardan, oʻrta yarus kechki tokembriy slanes, kvarsit, konglomerat va vulkan jinslaridan va yuqori yarus paleozoy yotqiziqlaridan tashkil topgan. V. hosil boʻlishi munozarali. Bir guruh olimlar V. qad. daryo deltalari sochmalari boʻlib keyinchalik metamorflashgan desalar, boshqalar gidrotermal ja-rayoni ishtirok etgan deb hisoblaydilar.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |