Vixuxollar (Desmana) — hasharotxoʻr sut emizuvchilar turkumining bir urugʻi. V. oilasiga kiradi. Vixuxol (Desmana moschata) Volga, Don va Ural daryolarida tarqalgan. Tuzilishi suvda yashashga moslashgan. Boʻyi 20— 22, dumi 18—20 sm cha, hasharotxoʻr sut emizuvchilarning eng kattasi. Tumshugʻi uchida uzun hartumchasi, orqa oyoq panjalari orasida suzgich pardasi bor. Dumi tangachalar bilan qoplangan, dumi ostida yogʻsimon hidli modda — mushk (muskus) ajratadigan bezlar bor. Bu modda bilan V. jununi moylaydi. Moʻynasi ipakdek mayin va silliq, usti toʻq jigarrang , osti kumushdek oq. V. uyasini qirgʻoqlarga quradi. Bahorda urchiydi. Homiladorlik davri 50 kun, 1—5 ta bola tugʻadi. Bolasi bir yoshda voyaga yetadi. V. suv hasharotlari, zuluk, mollyuska va mayda baliqlar bilan ovqatlanadi. Yiliga ikki marta (yoz va qishda) tullaydi. Vixuxolning ikkinchi turi Galemus urugʻiga mansub boʻlib, bitta tur Pirenei V. — D. pyrenaicus Pirenei yarim orolidagi togʻ daryolarida yashaydi, soni juda kamayib ketgan. Ikkala turi ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil