Volgograd (1925 yilgacha Saritsin, 1961-yilga qadar Stalingrad) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Volgograd viloyatining markazi. Volga daryosining oʻng sohilida. Yirik daryo porti, aeroport bor. Temir yoʻl tuguni. Kema qatnaydigan Volga-Don kanalining boshlangʻich punkti. Aholisi 1005 ming kishi (1999). Shaharga 1589-yilda asos solingan. 18-asr oxiriga qadar harbiy istehkom boʻlgan. 1942-yil iyulidan 1943-yil fevralgacha Volgogradda nemis qoʻshinlari bilan shiddatli janglar boʻlgan. Volgograd Rossiya Federatsiyasining yirik sanoat markazlaridan biri. Sanoatning yetakchi tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (traktorsozlik, kemasozlik, neft mashinasozligi, motorsozlik va boshqalar), metallurgiya (alyuminiy, quvur, poʻlat sim-kanat zavodlari). Yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektr energetika ham rivojlangan. Konserva, margarin, sut, pivo zavodlari, konditer fabikasi, goʻsht kombinatlari, temir-beton, uysozlik zavodlari, yengil sanoat korxonalari (koʻn zavodi, tikuvchilik fabikalari va boshqalar) bor. Volgogradda 7ta oliy oʻquv yurti (shu jumladan 3ta universitet), 5ta teatr, muzeylar (Mamay qoʻrgʻonidagi yodgorlik ansambli, oʻlkashunoslik muzeyi, tasviriy sanʼat muzeyi va boshqalar), mavjud.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil