Vose qoʻzgʻoloni (1887-1888) -Buxoro amirligi hududida boʻlib oʻtgan xalq qoʻzgʻoloni. 19-asrning 70-y.larigacha Koʻlob, Qorategin, Darvoz, Voxon, Roʻshon, Shugʻnon viloyatlari yarim mustaqil mulk (shohlik, beklik)lar edi. 70—80-y.larda chor mustamlakachi maʼmurlari yordamida mazkur viloyatlar va mulklar amirlik hududiga qoʻshib olindi. Shu munosabat bilan bu boy togʻli oʻlkani soliq va b. bahonalar bilan talon-toroj qilish boshlandi. Buning ustiga 1881 y.dan boshlab Afgʻoniston tomondan chigirtkalar yopirilib, ekinlarni nobud etdi. Chigirtkaga qarshi amir va mustamlakachi maʼmurlar hech qanday tadbiru chora koʻrmadilar. 1885 y. ekinlar hosil berganda amir omillari kelib, qurgʻoqchilik yillari (1881—84) uchun ham xiroj talab qildi. Shu talab xalqning toʻlib turgan sabr kosasini toshirib yubordi. Xalq qoʻzgʻaldi. Unga Xovaling amlokdorligida yashaydigan Abdulvose degan dehqon yigit boshchilik qildi. Sarihisor, Maxdumdor, Zuvoili, Qizilmozor qishloqlaridan ming nafarga yaqin qoʻzgʻolonchi kelib qoʻshildi. Vose boshchiligidagi qoʻzgʻolonchilar Qizilsuv daryosining oʻng qirgʻogʻida joylashgan Baljuvon togʻ qalʼasi tomon yurdilar. Bek huzuriga elchi joʻnatdilar. Lekin elchilar oʻlimga mahkum etildi. Bek sarbozlari qoʻzgʻolonchilarga qarata oʻt ochdilar. Ikki oʻrtadagi qonli jangda qoʻzgʻolonchilarning qoʻli baland keldi. Bek oʻz odamlari bilan Kongurt qalʼasiga chekindi. Vose Baljuvonni egalladi va mahbuslarni ozod etdi. Baljuvon begiga Koʻlob, Hisor va Buxorodan yordam keldi va u Baljuvonni qoʻzgʻolonchilar qoʻlidan qaytarib olishga muvaffaq boʻldi. Vose qoʻzgʻolonchilari safi yanada kengaydi va Baljuvon yana egallandi. Shu orada Hisor begi Ostonaqul qushbegi Koʻlob, Qorategin sarbozlari bilan yetib keldi. Nurek yaqinidagi jangda Vose boshliq qoʻzgʻolonchilar yengildi. Vose Xovaling qalʼasi tomon chekinadi. Unga ergashgan qoʻzgʻolonchilarni sarbozlar taʼqib etib, qirgʻin uyushtiradilar. Baljuvon begi qoʻlga tushgan 40 nafar qoʻzgʻolon rahbarini qalʼa oldida qatl ettiradi. Vose Xovaling tumanida bir shoʻrobdaralik tanishi uyiga berkinadi. Uy egasi sotqinlik qilib, Voseni bekka tutib beradi. Baljuvon begi Abdulqodir uni 130 nafar asirlar bilan birga Ostonaqul qushbegiga topshiradi. Vose va b. qoʻzgʻolon rahbarlarini Shahrisabzgacha, Amir Abdulahad qarorgohi-gacha sazoyi qilib piyoda haydab boradilar. Amir uni Oqsaroy oldida dorga ostiradi. Boshqa bir guvohlikka koʻra amir Voseni oʻz qabuliga kiritgan. Vosening achchiq soʻzlariga chiday olmagan amir yonidagi qoʻriqchilariga "Chop!" deb buyurgan. Bir sarboz Vosening boshiga qilich urgan. Baʼzi manbalarda Vosening Yusuf, Olloyor, Kulux miroxoʻr, Azim, Rizo kabi jangovar doʻstlari boʻlgani, qoʻzgʻolonchilar safida ayollar ham ishtirok etgani, mas., Sayda ismli qiz otasi bilan birga sarbozlarga qarshi jang qilgani aytiladi. Vose oʻldirilgach, Hasan, Davlat degan oʻgʻillari qoʻzgʻolonni yana davom ettirdilar. Lekin, mustamlakachi maʼmurlar ulardan shafqatsizlarcha oʻch oldilar. Xalq qahramoni Vose haqida doston, qoʻshiqlar toʻqilgan. Abdurauf Fitrat "Vose isyoni" (1931) dramasini, Gʻani Abdullo "Vose" (1937) musiqali dramasini, Mirzo Tursunzoda "Vose qoʻzgʻoloni" operasi librettosini (1939), Sotim Ulugʻzoda "Vose" dramasi va romanini yozgan.

Naim Norqulov.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil