Vulkanologiyadinamik geologiyaning boʻlimlaridan biri. Vulkanlarning vujudga kelish jarayonlari va sabablari, tuzilishi va otilib chiqqan jinslar tarkibi, yer yuzida joylanish qonuniyatlarini oʻrganadi. V.ning amaliy maqsadi vulkan otilishini oldindan aytish metodlarini ishlab chiqish, vulkan jinslari (issiq suv, bugʻ va hokazo) dan xoʻjalikda foydalanishdan iborat. V.ga oid dastlabki maʼlumotlar mil. av. 1 -ming yillik oʻrtalariga toʻgʻri keladi. 1842-yilda Vezuviy vulkani yon bagʻrida maxsus ilmiy muassasa — vulkanologik rasadxona tashkil qilindi. V. boshqa fanlar (geologiya., geotektonika, geofizika, fizika, kimyo, petrologiya va geokimyo) bilan uzviy bogʻliq. Shu bilimlar yutuqlaridan foydalanib V. geol. fanlarining nazariy masalalarini (vulkan energiyasining manbalari, magma evolyutsiyasi sharoitlari, Yer poʻstila chuqur va magma oʻchoqlarining joylashishi, vulkanizmning Yer poʻstini hosil boʻlishidagi roli) hal etishda ishtirok etadi. V.ning paleovulkanologiya sohasi qad. vulkanlarni oʻrganadi. V. sohasidagi ilmiy tadqiqotlar Rossiya Federatsiyasi (Petropavlovsk-Kamchatsk vulkanologiya instituti, Saxalin vulkanologiya laboratoriya), Oʻzbekiston, Armaniston, Gruziya ilmiy tadqiqot institutlarida bajarilmoqda. Rossiya Fanlar akademiyasining "Kamchatka vulkanologiya stansiyasi" (1935-yilda tashkil qilingan) dunyoda eng yirik tadqiqot markazlaridan biridir. V.ni rus olimlaridan F. Yu. Levinson-Lessing, A. N. Zavaritskiy, amerikalik Makdonald, fransiyalik G. Taziyev, shveysariyalik Ritman va b. rivojlantirdilar. V. sohasidagi maʼlumotlar jahonda vulkanologiya va seysmologiyaga tegishli jurnallarda, "Oʻzbekiston geologiya jurnali" va b. jurnallarda nashr etiladi. V. sohasidagi tadqiqotlarni Vulkanologiya va Yer qaʼri kimyosi Xalqaro assotsiatsiyasi (1967-yildan) muvofiqlashtirib turadi. Ushbu tashkilot rahnamoligida dunyo vulkanlari haritasi nashr qilingan (1979).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil