Vyacheslav Vyacheslavovich Leysek (asl ismi František Václav Lejsek; 1857, Chexiya — 1935, Toshkent) — harbiy kapelmeyster, kompozitor. Praga konservatoriyasini tugatgach, Turkistonga kelib harbiy kapelmeyster boʻlgan (1878). Oʻsha davrdayoq Markaziy Osiyo xalqlari kuylarini toʻplash va puflama cholgʻular orkestri uchun qayta ishlashga kirishgan. L. yaratgan "Osiyocha popurri" (1890) chet ellarda (1891, Chexiyada) ijro etilgan birinchi oʻzbek ohanglariga asoslangan kompozitorlik asarlaridan. 1918-yilga qadar Toshkentdagi "Lira" xor jamiyati, "Turkiston musiqa jamiyati"ni boshqargan. 1920— 30 yillarda Toshkent musiqa texnikumida oʻqituvchilik, "Matbuotchilar" klubida torli cholgʻular orkestriga rahbarlik qilgan. 50 yillik ijodiy faoliyati davomida oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tatar va boshqa xalqlarning kuy va qoʻshiqlarini toʻplagan, ayrim oʻzbek kuylarini ("Rajabiy", "Munojot", "Boljuvon" va boshqalar) puflama cholgʻular orkestri uchun qayta ishlagan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil