William James Herschel (talaffuzi: Uilyam Jeyms Hershel; 9-yanvar 1833-yil — 24-oktabr 1917-yil) — ingliz mustamlakachi amaldori, mashhur astronomlar va matematiklar — William va John Herschellarning nabirasi va oʻgʻli, daktiloskopiya asoschilaridan biri[1].

Biografiya

tahrir

Angliyada tavallud topgan. 1857-yildan boshlab Britaniyaning Bengaliya (Hindiston), Xugli okrugidagi maʼmuriyatida ishlagan. 1858-yildan boshlab bengal tilida yozilgan shartnomalarning haqiqiyligini tasdiqlash uchun barmoq izlaridan foydalanishni amalda qoʻllagan. Hindlar imzo oʻrniga yoki imzodan keyin barmoqlarini siyohga botirib, qogʻozda iz qoldirishgan. Herschel avvaliga hindlar va xitoyliklar orasida keng tarqalgan mistik gʻoyadan oʻz manfaati uchun foydalangani taxmin qilinadi, ushbu gʻoyaga koʻra, barmoq izlari uning egasiga imzoga nisbatan koʻproq masʼuliyat yuklagan. Keyinroq barmoq izlarini oʻrganishga qiziqib ketib, bitta odamning barmoq izi boshqa odamniki bilan hech qachon bir hil boʻlmasligini aniqlagan. Ularni tasvirlarga qarab ajratishni oʻrgangan va koʻpchilik odamlarni „barmoq izlarining koʻrinishi“dan tanigan. Oʻquv qoʻllanmalarining biridan ularning papillar chiziq deb atalishini aniqlagan va ushbu atamani keng qoʻllagan[2].

Herschel 15-yil mobaynida koʻplab hind askarlariga maosh toʻlagan. Yevropalik odam uchun ularning barchasi bir-biriga oʻxshashdek tuyulardi, ismlari esa koʻp hollarda takrorlanadi. Maosh olgan askarlar baʼzida yana kelib, pulni hali olmaganliklarini daʼvo qilishardi. Baʼzan maoshlarini yana bir bor olishlari uchun doʻstlari yoki qarindoshlarini joʻnatishardi. Herschel ularning ikkita barmoq izini ismlar yozilgan roʻyxat va kvitansiyada qoldirish amaliyotini joriy qildi. Natijada firibgarlikka chek qoʻyildi.

U soʻnggi yillarda barmoqlardagi chiziqlar koʻrinishi 5-yil, 10-yil, 19-yildan keyin ham oʻzgarmaydi degan xulosaga keldi. Uning barmoq izlari tushirilgan daftari bunga guvohlik berardi. Odamlar qarishi, tashqi koʻrinishi sezilarli darajada oʻzgarib ketishi mumkin boʻlsa-da barmoqlardagi chiziqlar koʻrinishi oʻzgarmay qolardi. Bu odamning shaxsiy, oʻzgarmas belgisi boʻlib, barmoq izlari orqali uni har doim, hattoki oʻlimdan keyin ham, hattoki undan barmoqning bir boʻlak terisidan boshqa hech narsa qolmagan taqdirda ham tanib olish mumkin edi[3].

1877-yilning 5-avgust kuni Herschel Bengaliya qamoqxonalari bosh inspektoriga maktub yoʻllab, unda shaxsni aniqlashning yangi usuli va undan mahbuslarni roʻyxatga olishda foydalanish imkoniyati haqida yozgan. Herschel oradan 10 kun oʻtib maktubiga javob oladi. Maktub iltifot ohangi bilan yozilgan, ammo bosh inspektor Herschelning salomatligi yaxshi emasligini bilgani holda uning taklifini xasta odamning fantaziya mahsuli deb qabul qilgani sezilib turardi.

1879-yilning oxirlarida Herschel salomatligini tiklash uchun Angliyaga qaytdi. U daktiloskopiyaga oid izlanishlarini „The origin of fingerprints“ nomli asariga jamlagan.

Manbalar

tahrir
  1. Sir William Herschel, 2nd Baronet // SNAC (angl.) — 2010.
  2. Kindred Britain
  3. Lundy D. R. Sir William James Herschel, 2nd Bt. // The Peerage (англ.)

Adabiyotlar

tahrir
  • Edmond Lokar. Rukovodstvo po kriminalistike. — Moskva: Yuridicheskoe izdatelstvo NKYu SSSR, 1941. — S. 544.
  • Yurgen Torvald. Sto let kriminalistiki. — Moskva: Izdatelstvo „Progress“, 1974. — S. 440.