Sud ekspertiza markazi
Sud ekspertiza markazi, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi — Oʻzbekistonda sud ekspertiza masalalari boʻyicha ilmiy-metodik va muvofiqlashtiruvchi markaz. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida dastlab Toshkent ilmiy tadqiqot kriminalistika laboratoriyasi tashkil topgan (1951). Uning negizida Xadicha Sulaymonova nomidagi Toshkent sud ekspertizasi ilmiy tadqiqot instituti tashkil qilingan (1958). Soʻng Respublika ilmiy tadqiqot kriminalistika markaziga (1995), keyin esa Sud ekspertiza markaziga aylantirilgan (2003). Uning faoliyati surishtiruv, dastlabki tergov va sudlar topshiriqlariga asosan sud ekspertizalarini oʻtkazish, kriminalistika va sud ekspertizasi sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga metodik yordam koʻrsatish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan yoʻnalishlar boʻyicha olib boriladi. Bu yerda 34 turdagi sud ekspertizasi bajariladi. Markazning Toshkent shahrida hujjatlarning kriminalistika ekspertizasi, sud ballistika va izshunoslik, sud avtotexnika, materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistika ekspertizasi, odam DNK sining sud biologik ekspertizasi, sud iqtisodiy ekspertizasi, sud qurilish-texnikaviy va sud fonoskopiya ekspertizasi laboratoriyalari va boʻlimlari, Andijon, Guliston, Buxoro, Nukus, Samarqand, Termiz, Fargʻona, Urganch, Qarshi shaharlarida boʻlinmalari bor. Markaz xodimlarining sud ekspertizasining nazariyasi, oʻzbek tilidagi dastxatlarni, imzolarni, oʻq otar qurollar bilan yetkazilgan jarohatlarni, narkotik moddalar va dori-darmonlarni, neft mahsulotlarini, odam DNK sini ekspertiza qilish boʻyicha va shu kabi ilmiy ishlari ekspertiza amaliyotida keng qoʻllanadi. Markaz oliy yuridik oʻquv yurtlari talabalarini oʻqitish va huquq sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirishda faol ishtirok etadi. Markazning ilmiy kutubxonasida sud ekspertizasining barcha yoʻnalishlari boʻyicha 15 mingdan ortiq maxsus adabiyotlar bor. Ilmiy ishlar, qoʻllanmalar, ekspert tadqiqoti metodlariga oid kitoblarni nashr etadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |