Xamsa
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Xamsa yozishni ozarbayjonlik ulugʻ shoir Nizomiy Ganjaviy boshlab bergan. U 1170–1204-yillar oraligʻida birin-ketin 5 ta doston yaratdi. Bu dostonlar shoirning vafotidan keyin yaxlit bir toʻplam holiga keltirilib „Panj ganj“ („Besh xazina“) deb nomlandi va keyinchalik „Xamsa“ nomi bilan mashhur boʻldi.
Nizomiy beshligidagi birinchi doton „Maxzan ul-asror“ („Sirlar xazinasi“) 1180-yil gʻaznaviylar hukmdori Bahromshohga bagʻishlab yozilgan. „Maxzan ul-asror“ falsafiy-axloqiy masalalarga bagʻishlangan boʻlib, 18 bob, muqaddima va xotimadan iborat.
Nizomiy „Xamsa“sining ikkinchi dostoni „Xusrav va Shirin“ taxminan 1181-yilda yozib tugallangan. Bu doston saljuqiy hukmdor Toʻgʻrul II topshirigʻi bilan yozilgan.
Nizomiy „Xamsa“sidagi uchinchi doston „Layli va Majnun“ 1188–1189-yillarda Shirvonshoh Axsitan ibn Manuchehr topshirigʻiga koʻra yaratiladi.
Nizomiy beshligidagi toʻrtinchi doston „Haft paykar“ („Yettigoʻzal“) 1197-yilda yozib tugallanadi. Doston 4600 bayt (1 bayt 2 qatorga teng)dan iborat boʻlib, hukmdor Alouddin Koʻrpa Arslon (1174–1207) topshirigʻi bilan yaratilgan.
Nizomiy beshligidagi soʻnggi – beshinchi doston „Iskandarnoma“ deb atalib, ikki qism: „Sharafnoma“ va „Iqbolnoma“dan iborat. Doston hajman 10500 bayt boʻlib, 1197–1204-yillar oraligʻida yozilgan. Doston uchun Sharq adabiyotida keng tarqalgan Iskandar Zulqarnayn timsoli bosh qahramon sifatida olingan. „Sharafnoma“da Iskandarning harbiy yurishlari va jahongirligi tasvirlansa, „Iqbolnoma“da Iskandar donishmandligi bilan namoyon boʻladi.
Xusrav Dehlaviy „Xamsa“si
tahrirNizomiy beshligi yaratilgandan keyin oradan bir asr vaqt oʻtib, Xusrav Dehlaviy (1253–1325) unga javob yozdi va shu bilan xamsanavislik anʼanasini boshlab berdi. Uning 1299–1302-yillarda yozilib, Alouddin Xiljiyga bagʻishlangan „Xamsa“si quyidagi dostonlardan iborat
- „Matlaʼ ul-anvor“ („Nurlarning chiqish joyi“)
- „Shirin va Xusrav“
- „Layli va Majnun“
- „Oyinai Iskandariy“ („Iskandar koʻzgusi“)
- „Hasht behisht“ („Sakkiz jannat“)
Xusrav Dehlaviy Nizomiy dostonlarining shakli va syujeti, obrazlar tizimini asosan saqlagan holda, ularni oʻziga xos talqin etdi va yangi mazmun bilan boyitdi.
„Xamsa“ yozish shartlari
tahrirShu tariqa Xamsanavislik anʼanasi paydo boʻldi va „Xamsa“ yozish shartlari belgilandi. Ular quyidagilar:
- 5 ta dostondan tashkil topishi
- Birinchi doston pand-nasihat ruhidagi tarbiyaviy-axloqiy masalalarga bagʻishlanishi
- Ikkinchi doston Xusrav va Shirin mojarolariga atalishi
- Uchinchi doston Layli va Majnun muhabbatini asos qilib olishi
- Toʻrtinchi doston Bahromshohga bagʻishlanishi
- Beshinchi doston Iskandar haqida yozilishi shart
Abdurahmon Jomiy „Xamsa“si
tahrirDehlaviydan qariyb 200 yil keyin ikki buyuk xamsanavis – Jomiy va Navoiy maydonga chiqdi. Jomiy avval quyidagi besh asarni yozdi:
- „Tuhfat ul-ahror“ („Erkinlar tuhfasi“)
- „Sabhat ul-abror“ („Yaxshilar tasbihi“)
- „Yusuf va Zulayho“
- „Layli va Majnun“
- „Xiradnomayi Iskandariy“
Bu besh asarni 1485-yili yozib tugalladi. Keyin „Silsilat uz-zahab“, „Salomon va Absol“ asarlarini qoʻshib, „Xamsa“sini yetti dostonga yetkazdi va „Haft avrang“ („Yetti taxt“) deb atadi. Lekin Jomiy „Xamsa“sini „Xamsa“ deb tan olish yoki olmaslik toʻgʻrisida turli fikrlar mavjud. Chunki uning bu asari 7 dostondan iborat, Xusrav va Shirin mojarolariga hamda Bahromshohga bagʻishlangan doston yozmagan.
Alisher Navoiy „Xamsa“si
tahrirAlisher Navoiy „Xamsa“sining yuqoridagi dostonlardan birinchi farqli jihati turkiy tilda yozilganidir. Navoiy „Xamsa“si
- „Hayrat ul-abror“ („Yaxshi kishilarning hayratlanishi“)
- „Farhod va Shirin“
- „Layli va Majnun“
- „Sabʼai sayyor“
- „Saddi Iskandariy“
dostonlaridan iborat boʻlib, 1483–1485-yillarda yozilgan.
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Shuhrat Sirojiddinov,Dilnavoz Yusupova,Olimjon Davlatov. Navoiyshunoslik.-T.: Tamaddun,2018.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |