Xazina biletlari – valyutaga va oltinga maydalanmaydigan, hukumatning xazina tashkiloti (aksariyat hollarda Moliya vazirligi) tomonidan muomalaga chiqariladigan qogʻoz pullar va xazina tashkilotlarining qisqa muddatli majburiyatlari. Davlat xarajatlarini moliyaviy taʼminlash uchun chiqariladi. Ayniqsa, 1914-1918-yillardagi 1- va 1939-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi davrida byudjet takchilligi va harbiy xarajatlarni qoplashda Xazina biletlaridan keng foydalanilgan. Sobiq SSSRda 1991-yilga qadar 1, 3, 5 rubl qiymatidagi Xazina biletlari muomalada boʻlgan. Xazina biletlari hozirgi davrda kam qoʻllanadi va muomalada yurgan qisqa muddatli davlat majburiyatlariga kiradi. Oʻz moxiyatiga koʻra, Xazina biletlari davlat Markaziy banki chiqaradigan banknotlarta – bank qogʻoz pullariga yaqin turadi.