Xina daraxtchasi
Xina daraxtchasi (Lawsonia inermis) — derbendoshlar oilasiga mansub issiqsevar buta. Yovvoyi holda Afrikaning sharqida, Madagaskar orolida, Osiyoning tropik orollarida oʻsadi. Shimoliy Afrika, Hindiston, Eron, Ozarbayjon, Kichik Osiyo va Arabistonda manzarali va boʻyoq beruvchi bir yillik oʻsimlik sifatida qadimdan ekiladi. Poyasi qirrali, qattiq va sershox. Boʻyi 15 sm dan 2–3 m gacha. Barglari bandsiz, choʻziq tuxumsimon. Gullari yirik, oqimtir yoki koʻkimtir qizil, ikki jinsli, xushboʻy, shoxlarining uchida ulkan roʻvaksimon toʻpgul hosil qiladi. Avgust—sentyabrda gullaydi. Mevasi toʻrt uyali, mayda urugʻli sharsimon koʻsakcha. Barglaridan jun, sochsoqol, tirnoq va boshqalarni boʻyashda ishlatiladigan boʻyoq olinadi. Xina daraxtchasi urugʻidan va qalamchasidan koʻpaytiriladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |