Xislat (taxallusi; asl ismsharifi Haybatullaxoʻja Orifxoʻja oʻgʻli) (1880.10.5 Toshkent 1945.8.6) - shoir va tarjimon. Oʻzbek mumtoz adabiyotining soʻnggi namoyandalaridan biri. 16—17 yoshlarida Toshkent shahri Kesaqqoʻrgʻon mahallasidagi madrasaga oʻqishga kirib, arab va fors tillarini mukammal oʻzlashtirgan; o’zbek , ozarbayjon, turk, fors va arab adabiyotlarini puxta oʻrgangan. 1908—09 yillarda Navoiy ijodini mutolaa qilib, "Farhod va Shirin" hamda "Layli va Majnun" dostonlarining soddalashtirilgan nasriy nusxalarini tayyorlagan va oʻz hisobidan nashr etgan. 1910—14 yillarda madrasadoshi Sidqiy Xondayliqiy bilan hamkorlikda "Armugʻoni Xislat", "Hidoyai Xislat", "Savgʻoti Xislat", "Tuhfai Xislat" kabi bayozlarini nashr ettirgan. Bu bayozlarda shoirning 100 dan ziyod lirik sheʼrlari eʼlon qilingan. X.ning lirik sheʼrlarida Bobur, Mashrab va, ayniqsa, Navoiy ijodining taʼsiri kuchli. Bu taʼsir uning "Naylaram bogʻu chaman sayrini jonon boʻlmasa", "Qandoq qilay", "Ey nigorim", "Iqlimi devona qilgan bir pari savdosidur", "Oʻldim asiring, ey yor", "Ey xublar sarosi", "Orazingmu yo guli raʼnomidur", "Ey parivash" singari gʻazallarining badiiy qurilmasida ham, gʻoyaviy yoʻnalishida ham yaqqol koʻrinadi. X.ning dunyoviy gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan bir qancha gʻazallari Mulla Toʻychi Toshmuhamedov va Hamroqul qori kabi mashhur hofizlar tomonidan ijro etib kelingan.

X. 1917 yildan keyin ham badiiy ijod bilan shugʻullanib, zamonaviy mavzularda gʻazal va muxammaslar yaratgan. Ammo Sovet davlatining jadid shoirlarga nisbatan sovuq munosabati tufayli u yoshlikda egallagan hunari — duradgorlikni davom ettirib, 1940 yilga qadar imoratsozlik ishlari bilan koʻproq mashgʻul boʻlgan.

X.ning adabiy merosida tarjima asarlar katta oʻrin egallaydi. U Nizomiyning "Layli va Majnun" dostoni, Firdavsiyning "Shohnoma" dostoni asosida nasrlashtirilgan "Barzuyi sher", "Pahlavoni Ahmad", Ubayd Zokoniyning "Mushuk va sichqon" asarlarini fors tilidan tarjima qilgan, arab va fors mumtoz adabiyotlaridagi bolalarbop rivoyatlar va masallarni sheʼriy tarjima qilib, "Non va halvo" degan majmua tuzgan. Toshkent shahridagi koʻchalardan biri X. nomi bilan ataladi.

Manbalar

tahrir
  • Gʻazallar, T., 1971.