Xlorella (Chlorella) – bir hujayrali xlorokokk suvoʻtlar urugʻi. Hujayrasi sharsimon, 15 mkm, qobigʻi silliq, 4—8 (baʼzan 16) tagacha avtosporalar hosil kilish orqali jinssiz koʻpayadi. 20 ga yaqin turi, jumladan, Oʻzbekistonda bir necha turi tarqalgan. Chuchuk va dengiz suvlarida, nam tuprokda uchraydi; lishayniklar va suvda yashovchi organizmlar tanasida simbioz yashaydi. Oqar suvlarni biologik tozalashda, yopiq ekosistemalar (masalan, kosmik kemalar, suv osti kemalari)da havoni qayta tozalashda va fotosintez jarayonlarini oʻrganishda keng miqyosda foydalaniladi. Xlorella juda tez koʻpayadi. Bir kecha-kunduz yashagan har bir yosh hujayra ham boʻlina boshlaydi. Kuz kelishi bilan xlorella qalin, zich qobiqqa oʻralib, sporaga aylanadi va shu holda qishlaydi. Bahor kelib, qulay sharoit tugʻilgach, spora shaklida qishlagan hujayraning oddiy boʻlinishi natijasida bir necha xlorella hosil boʻladi. Ular hujayra qobigʻini yorib chiqadi va mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Xlorella (Chlorella)