Xoʻjayevlar
Xoʻjayevlar — oʻzbek sirk artistlari sulolasi. Zamonaviy oʻzbek sirkida chavandozlik va ot urgatish janri rivojiga katta hissa qoʻshishgan. Sulola asoschisi:
Xoʻjayev Muhammad (taxallusi "Chaqqon") (1886, Qoʻqon — 1971. 28.2, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1939). Ijodiy faoliyatini 8 yoshidan Baratboy rahbarligidagi sirk guruhida boshlab, muallakchilik, havo gimnastikasi va masxarabozlik uyinlarida ishtirok etgan. 1900-yildan namanganlik Mirzaahmad sirkida muallaqchi Qodir Abdullayev bilan ishlagan, 1905-yildan Mullaboy Mansurov sirkida faoliyatini davom ettirib, qiziqchilar va muallaqchilar guruhlarida qatnashgan, turnikda, bir pogonali va ikki pogonali chigʻiriqda ishlagan. 1919—20 yillar R. Abduxalilov va F. Yupatov sirklarida ishlagan. 1931-yil "Erkinlikdagi otlar" tomoshasini tayyorlab, oʻzbek sirki tarixida eng kuchli ot oʻyinlaridan birini yaratib, koʻp yillar davomida namoyish etdi.
Xoʻjayeva Lola (1923.18.9, Samarqand) — chavandoz, it oʻrgatuvchi. Muhammad Xoʻjayevning qizi. Oʻzbekiston xalq artisti (1950). 1931-yildan otasi rahbarligidagi "Ot ustida voltij" hamda "Chavandozlik" uyinlarida, shuningdek, akrobatlar guruhida qatnashgan. 1934-yil "Ot ustida grotesk" tomoshasini yaratib, unda milliy oʻzbek raqsi plastikasini anʼanaviy chavandozlik tryuklari bilan uzviy bogʻladi. Chopayotgan ot ustida bir necha murakkab uyinlarni yengil va epchil ijro etar edi, masalan, balandga sakrab, tizzaga oʻtirish, soʻzanalar ustidan sakrab oʻtish, otni tortilgan tasmalar ustidan sakratish va boshqa L.X. bajargan betakror mashklardan biri — chopayotgan otni keng tasma ustidan sakratib, Uzi ham balandliqdagi tasmadan sakragan va yana ot ustiga qaytib tik turgan. 1972-yildan it oʻrgatuvchi.
Xoʻjayev Lovar (Leonid) (1932.5.6, Toshkent) — chavandoz. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1964). Muhammad Xoʻjayevning oʻgʻli. 1941-yildan akrobatika uyinlarida ishtirok etgan. 1951-yildan opasi Lola Xoʻjayeva bilan "qoʻshaloq grotesk" tomoshasini tayyorlab, chopayotgan ot ustida yakka va juft tryuklarni, bir-biriga qarab chopayotgan ikki ot ustida murakkab mashklarni bajarishgan. Xujayev Andrey (1961.21.12, Toshkent) — chavandoz. Lovar Xujayevning oʻgʻli. 1975-yildan "Ot ustida grotesk" tomoshasi bilan tanilgan. 1992-yildan "Boʻgʻma ilon bilan olishuv" tomoshasini namoyish etib kelmoqda. Poʻlat Toshkanbayev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |