Xoja Alouddin Attor
Xoja Alouddin Attor — (?—1400) — alloma, mutasavvif va shayx.
Xoja Alouddin Attor | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Mutasavvif, shayx |
Xoja Alouddin Attor Naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri, avliyo, „Silsilayi sharif“dagi o‘n yettinchi halqadagi murshid, alloma boʻlgan. Uning ismi Muhammad ibn Muhammad al-Buxoriydir[1].
Alouddin Attor Bahouddin Naqshbandning xalifasi va kuyovi bo‘lgan. Buxoroi sharifda zodagon oilasida dunyoga kelgan. Tarix manbalarida tavallud topgan yili haqida maʼlumot keltirilmagan. Asli Xorazmlik tijoratchining o‘g‘illaridan biri bo‘lgan. Alouddin Attorning otasi ham savdogarlik bilan shug‘ullangan. Alouddin Attorning ikki akasi bo‘lib, otasi Buxoroga ko‘chib o‘tgan. Otasi vafot etgach, eng kenja o‘g‘il bo‘lgan Alouddin Attor o‘zining merosidan voz kechib, akalari Shahobiddin va Muborakka qoldirib, o‘zi Buxoro madrasalaridan biriga boradi va zohidona hayot kechiradi. Alouddin Attor madrasani tugatmasdanoq Naqshband sulukiga kirgan, bir umr piri yonida bo‘lgan. Naqshbandning boshqa bir xalifasi — Xoja Muhammad Porso Alouddin Attor iltimosi bilan „Risolai qudsiya“ („Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari“) kitobini bitgan va unda Alouddin Attor tilidan o‘z piri haqidagi o‘nlab rivoyat va xotiralarini keltirgan. Ularda Naqshbandning tarj.h., hayot tarzi, odatlariga oid qimmatli maʼlumotlar, hikmatli so‘zlar bayon etilgan. Ular keyinchalik Naqshband hayoti va tariqati haqidagi ko‘pgina risolalar, jumladan, ular ichida eng eʼtiborlisi — Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining „Maqomoti Xoja Naqshband“ („Bahouddin Naqshband“, — T., 1993 y.) asari uchun muhim manba bo‘lgan.[2]
Asli xorazmlik bo‘lgan. Xoja Alouddin Attor haqida Xoja Muhammad Porsoning „Xoja Alouddin Attor“, „Risola“ kitobida, shuningdek, Ali Safiyning „Rashahot“, Muhammad Boqirning „Maqomoti Shohi Naqshband“, Saloh ibn Muborak al-Buxoriyning „Anis at-tolibin“, Muhammad Dorushukuhning „Safinat ul-avliyo“ va boshqa manbalarda maʼlumotlar berilgan. „Tuhfat az-zoirin“da Hazrat Alouddin Attorning nasabnomasi berilgan: „Tuhfat al-ansob“da keltirilgankim: Sayid Muhammad (Alouddin Attor) ibn Sayid Amir Muhammad Buxoriy ibn Sayid Abdulloh Zarbaxsh ibn Sayid Ahmad (Sayid Ato) ibn Sayid Abu Bakr ibn Sayid Qosim ibn Sayid Muso ibn Sayid Abdulloh ibn Sayid Muhammad Shahid ibn Sayid Abdulaziz ibn Sayid Jaʼfar ibn Sayid Abdulhaq ibn Sayid Mujtahid ibn Sayid Muhammad Kabir ibn Sayid Ibrohim Rizo ibn Hazrat Ali Muso ar Rizo va boshqalar xullas to Ali r.a.gacha boradi. Xoja Alouddinni Attor deyishlariga sabab undan doimo xush bo‘y anqib turgan, shuningdek, suhbati ham yoqimli boʻlgan. Shu bois Xoja Alouddinga Attor unvoni berilgan.
Xoja Alouddin Attorning eng yetuk shogirtlari quyidagilardir: Hazrat Yaqubi Charxiy, Xoja Abdulloh Imomi Isfahoniy, Mavlono Xusomiddin Porso Balxiy, Mavlono Abu Said, Shayx Umar Moturidiy, Sayid Sharif Jurjoniy, Mavlono Nizomiddin Xomush va boshqalar. Xoja Alouddin Attorning o‘g‘lining ismi Hasan Attordir. Xoja Alouddin oilasi bilan birga Denovga (hozirgi Surxondaryo viloyatidagi shahar) borib, o‘sha yerdagi xonaqohda shogirtlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Xoja Alouddin Attor 1400-yil vafot etadi. Uning qabri Denovdadir[3].
Manbalar
tahrir- ↑ Yoʻldoshev N. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1993 — 143-bet.
- ↑ O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 19.
- ↑ https://www.google.com/maps/@38.2287139,67.9071571,166m/data=!3m1!1e3?entry=ttu
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |