Xoksor (taxallusi; ismi Muhammad Rizo) (taxminan 1760 — Xiva — 19-asrning 1-yarmi) — oʻzbek tilshunosi, shoir. Xiva va Buxoro madrasalarida tahsil olib, arab va fors tillarini mukammal oʻrgangan. X. "Muntaxab ullugʻot" ("Tanlangan soʻzlar", 1799) va "Zubd ullugʻot" ("Sara, tanlab olingan soʻzlar", 1840) kabi ilmiy lugʻatlar yaratgan, lirik sheʼrlar yozgan. X.ning "Muntaxab ullugʻot" asarini shartli ravishda "Arabcha—forscha— oʻzbekcha lugʻat" deb aytish mumkin, chunki unda asosan Navoiy asarlarida, shuningdek, Navoiydan oldin yoki keyin oʻtgan, fors va turkiy tillarda ijod qilgan baʼzi mumtoz shoirlarning asarlarida uchrovchi arabcha, forscha va tushunilishi qiyin boʻlgan turkiy soʻzlar izohlangan. Bunday soʻzlarning maʼnosini oydinlashtirish uchun turli uslublarda yozilgan turkiy va forsiy adabiyot namunalaridan misollar keltirilgan. Ushbu lugatdan turli kasb-hunarlarga, ijtimoiyiqtisodiy va tabiiy fanlarga doir koʻplab soʻz va terminlar ham oʻrin olgan. Shu jihatdan "Muntaxab ullugʻot" 18-asr ilmiy terminologiyasini oʻrganishda muhim manba qisoblanadi. X.ning 2asari "Zubd ullugot"da fors, oʻzbek tillaridagi tushunilishi qiyin soʻzlarning izohi berilib, ularning qaysi tilga mansubligi koʻrsatilgan.

X.ning 2 sheʼri — "Muntaxab ullugot"ga va bir muxammasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan (inv. № 1157) bayozga kiritilgan.

X. asarlarining 10 dan ortiq nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №275, 427, 428, 1203, 1681, 3852, 4010, 4367), Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik instituti (inv. №1818) qoʻlyozmalar fondida saqlanadi.

Adabiyot

tahrir
  • Abdullayev V.A., Xoksor va Nishotiy, Samarqand, 1960; Sherbak A.M., Grammatika starouzbekskogo yazika, M.—L., 1962; Tursunov U., Oʻrinboyev B., Oʻzbek adabiy tili tarixi, T., 1982.