Xondam kanali
Xondam kanali - Toshkent viloyatidagi yirik va murakkab gidrotexnika inshooti, 1928—32 yillarda qurilgan. Chapqirgʻoq Qorasuv kanalining 3 km dan suv olish inshooti yordamida suv oladi. Dastlabki uz. 49 km. 1970-yildan keyin amalga oshirilgan rekonstruksiya natijasida qayta qazildi, uning uz. 77,5 km ga yetkazildi, kanal kengaytirildi, trassasi uzaytirildi va bosh qismidagi hisobiy suv sarfi 23 m³/sek. ni tashkil etdi. Kanal trassasi murakkab relyefni togʻ oldi tekisliklardan oʻtgani bois uning koʻp kismi qazma (chuq. 25 m gacha) va koʻtarma (bal. 30 m gacha) oʻzandan iborat. Kanal tubining kengligi 2–4 m, devorlarining qiyaligi 1,75 m ga teng. Kanal oʻzaniga filtratsiyaga qarshi 15 sm qalinlikdagi beton toʻshama yotqizilgan. Uning oʻng qirgʻogʻida 7 m enlikda inspeksiya yoʻli qurilgan. Kanalda koʻp sonli gidrotexnika inshootlari barpo etilgan: uning 28 km da 15 m balandlikdagi sharshara, Parkentsoy, Qizilsoy, Samsaraksoylar bilan kesishgan joylarda dyukerlar qurilgan, 10 ga yaqin yirik koʻpriklar, 5 ta yirik suv chiqargich, 2 ta suv toʻsgich, 4 ta suv tashlagich barpo etilgan. Trassaning oxiri Xoʻjabaland kanali b,n tutashtirilgan. Kanal oʻng qirgʻogʻidagi 15 ming gektarga yaqin ekinzorni sugʻorish imkoniyatiga ega.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |