Xotta Yoshie
Xotta Yoshie (1918.17.7, Toyama 1998.5.9, Yokoxama) — yapon yozuvchisi. Keyo universitetining fransuz adabiyoti boʻlimini tugatgan (1942). Talabalik yillarida sheʼrlar yozgan. 1945-yilda Xitoyga madaniy faoliyat uchun yuborilgan va Shanxayda yapon yozuvchilari bilan tanishgan. Yaponiyaga qaytgach, Xitoyda orttirgan tajribasiga asoslanib, "Toʻlkin ostida" (1948), "Vatandan ayrilish" (1950) va boshqa romanlarini yozgan. "Vatan xoini" (1951) va "Maydon yolgʻizligi" (1951) romanlari ham bor. "Maydon yolgʻizligi" romanida yapon ziyolilari, uning Koreya urushi paytida paydo boʻlayotgan militarizmga nisbatan tashvishlari aks etgan. 1977-yildan Ispaniyada yashagan. 1978-yil Toshkentga kelgan. X.ning isteʼdodi uning ijtimoiy romanlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Yaponiyaning 1939—45 yillardagi, Ikkinchi jahon urushining soʻnggi yillari va urushdan keyingi dastlabki yillardagi faoliyati "Haykal" (1955) romanida keng talqin qilingan, Xirosima fojiasi va urushning maʼnaviy asoratlari muammosi "Sud" (1960—63) va "Koʻprikdagi manzara" (1970) romanlarida oʻz aksini topgan. "Goya" (4 jiddli, 1974—77) asari ham bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |