Xudbinlik — oʻz manfaatini boshqa kishilar manfaatidan yuqori qoʻyish. Salbiy axloqiy sifat deb baholanadi. Xudbinlik manfaatparastlik va shaxsiyatparastlikni oʻz ichiga oladi. Xudbin odam oʻz manfaati yoʻlida hech kimni, hech bir jamoani, hech qanday jamiyatni tan olmaydi. Xudbinlik jumardlik (oliyjanoblik)ning aksi. Xudbinlikni shaxsning oʻziga boʻlgan muhabbati bilan chalkashtirmaslik lozim. Imom Gʻazoliy muhabbatning 5 turi haqida fikr yuritib, insonning oʻziga, oʻzining aʼzolariga, salomatligiga boʻlgan muhabbatini birinchi oʻringa qoʻyadi. Uningcha, bu muhabbat Alloh, ota-ona, qarindosh-urugʻ, do'st-birodar, muhtoj-ehtiyojmandlar xizmatida boʻlishga imkon yaratuvchi vosita hisoblanadi. Xudbinlik muhabbat hissiga emas, nafsga, hirsga asoslanadi, oʻzini adolatsizlik, insofsizlik, berahmlik kabi illatlarda namoyon etadi. Jumardlik hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi, lekin insonning oʻziga boʻlgan muhabbati, boshqalarda ham oʻziga shunday muhabbat borligini inkor etmaslik kerak, bu qoida buzilgan joydan Xudbinlik boshlanadi.

Xudbinlik avvalo oʻzini oʻzi sakdashning tabiiy instinkti sifatida paydo boʻlganligini eʼtirof etish lozim.