Yahyo
Yahyo — Qurʼonda zikri kelgan paygʻambarlardan biri. Bibliyada Ioann Krestitel (choʻqintiruvchi) nomi bilan maʼlum. Zakariyoning oʻgʻli. Ya. yoshligidan ibodatga berilgan, Tavrotdagi hukmlarga astoydil amal qilgan, nihoyatda halim va kamtar boʻlgan. Injildagi mifologiyaga koʻra, Ya. Isoning yaqin oʻtmishdoshi boʻlgan, Isoni choʻqintirgan. Iso xudoning elchisi ekanini birinchi boʻlib oldindan aytgan, unga ishongan va yordam bergan. Odamlarni Allohning yagonaligiga ishonishga, yolgʻiz Ungagina ibodat qilishga daʼvat etgan. Ba'zi bir manbalarda qayd etilishicha Yahyoga bu ismni Allohning o'zi qo'ygan.
YA.ning shahid boʻlishi haqida bir qancha rivoyat bor. Shulardan birida aytilishicha, u nihoyatda kelishgan, chiroyli boʻlgan.Podshoh xotinlaridan biri uni yaxshi koʻrib qolib, oʻz muhabbatini izhor etadi. Lekin Ya. ayollarga shahvoniy munosabatda boʻlmasligini aytib, malikaga hech qachon eriga xiyonat etmaslikni nasihat qiladi. Ya.ning bu gapidan jahli chiqqan ayol oʻzining siri oshkor boʻlib qolishidan qoʻrqib podshohdan uni oʻldirishni talab etadi. Ya. mehrobda ibodat qilib turganida oʻldiriladi. Bu ishga Parvardigorning qahri kelgan, podshohning butun xonadonini yer yutgan. Damashqdagi umaviylar masjidida joylashgan Ya. sagʻanasi musulmonlar ziyoratgohi sanaladi. Ya.ning tasviri rassomlik sanʼati va haykaltaroshlikda keng tarqalgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |