Yer osti suvlari
Yer osti suvlari'l - Yer poʻstining yuqori qismidagi togʻ jinslari qatlamlarining gʻovak boʻshlikdarida joylashgan suyuq, qattiq (muz), bugʻsimon holatdagi suvlar. Ye.o.s. umumiy suv resurslarinkt bir qismi boʻlib , suv taʼminoti va sugʻorish manbai sifatida xalq xoʻjaligi uchun katta ahamiyatga ega. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ ahvoli grunt suvlarining holati bilan belgilanadi. Ye.o.s.ni gidrogeologiya fani oʻrganadi. Suv molekulyar kuchlar tutib turadigan bogʻlangan hamda ogʻirlik kuchi yoki bosim farqi taʼsirida harakatda boʻladigan gravitatsion yoki erkin holatda boʻlishi mumkin. Bogʻlanmagan suv bilan toʻyingan togʻ jinslari qatlamlari suvli gorizont deyiladi, ular suvli komp-lekslarni hosil qiladi. Ye.o.s. suv saqlovchi jinslarda tuplanish harakteriga koʻra gʻovak (yumshoq jinslarda), dara (tomir) — qattiq jinslarda va karst (gʻor) (darz-karst-yengil eriydigan karbonat va gipsli jinslarda) suvlariga boʻlinadi. Joylashish sharoitiga koʻra Ye.o.s. tuproq suvi (qarang Tuproq suv rezkimi), mavsumiy suvlar (yuza suvlar; aeratsiya zonasidagi suv saklovchi qatlamlar ustida yogʻinlar yoki sugʻorish suvlarining shimilishidan hosil boʻladi); grunt suvlari (yer yuzasiga eng yaqin birinchi suv oʻtkazmaydigan qatlam ustida toʻplanadi) va qatlamlararo (bosimsiz, bosimli, artezian, suv oʻtkazmaydigan qatlamlar oʻrtasida joylashgan suvli qatlamlar) suvlarga boʻlinadi.
Kelib chiqishiga koʻra Ye.o.s. atmosfera yogʻinlari, daryo va sugʻorish suvlarining shimilishi natijasida hosil boʻluvchi infiltratsion; togʻ jinslari qatlamlarida suv bugʻlarining quyuqlashuvidan hosil boʻluvchi kondensatsion; choʻkindi togʻ jinslari paydo boʻlish jarayonida dengiz suvlarining koʻmilib qolishi natijasida hosil boʻlgan sedimentatsion va magma soviganda yoki Yer mantiyasidan chiqadigan yuvinil suvlariga boʻlinadi. Ye.o.s. ning yer yuziga tabiiy chiqishi bulok, (chashma) deyiladi va oqib chiquvchi va qaynab chiquvchi (qaynar buloq)larga boʻlinadi.
E.o.s. tabiiy eritmalar boʻlib, tarkibida deyarli barcha maʼlum kimyoviy elementlar uchraydi. Minerallashuvi (suvda erigan moddalarning umumiy miqdori, g/l) boʻyicha Ye.o.s. chuchuk (1,0 gacha), shoʻrtam (1,0—10,0), shoʻr (10,0—50,0) va namakob (50 dan koʻp) turlariga boʻlinadi. Harorati boʻyicha esa sovigan (4° gacha), sovuq (4—20°), iliq (20—37°), issiq (37-42°), qaynoq (42—100°) va oʻta qaynoq (100° dan yuqori) Ye.o.s. ga boʻlinadi.
Infiltratsion suv tabiatda keng tarqalgan, qolganlari sof holda juda kam uchraydi. Aholi, sanoat va yaylovlarni suv bilan taʼminlashda, yerlarni sugʻorishda, tibbiyotda (mineral suvlar), issiqlik bilan taʼminlashda (issiq suvlar), har xil tuz va kimyoviy elementlar (yod, bor, brom va b.) olishda Ye.o.s. dan foydalaniladi. Ye.o.s. yerlarning botqoqlanishi va shoʻrlanishiga sabab boʻladi. Bunga qarshi kurashish uchun ochiq va yopiq gorizontam drenajlar va burgʻi quduqlari kavlanadi. Choʻllarda Ye.o.sdan keng foydalanildi. Qoraqum, Qizilqum va Ustyurt yaylovlari asosan Ye.o.s. bilan taʼminlangan.
U rta Osiyo hududida 150 dan ortiq yirik Ye.o.s. konlari anikdangan. Ularning har yili tiklanib turadigan ekspluatatsion zaxirasi 1500 m3/s dan ortiq, chuchuk suvlar hissasi 1000 m3/s yaqin, qolgan qismi esa turli darajada (2—3 dan 15 g/l gacha) minerallashgan. Oʻrta Osiyoda 40 mingdan ortiq foydalaniladigan burgʻi quduqlari mavjud, ulardan 5 mingga yaqini suvi otilib chiqadigan artezian quduqlaridir; ularning koʻpchiligidan ekinlarni sugʻorishda foydalaniladi (qarang Artezian suvlari).
Adabiyot
tahrir- Mavlonov Gʻ. O., Kenesarin N. A., Yer osti suv xazinasi, T., 1960; Kenesarin N. A., Sultonxoʻjayev A. N., Yer osti suvlari va ulardan xalq xoʻjaligida foydalanish, T., 1962; Mirzayev S. Sh.,Formirovaniye i razmesheniye zapasov podzemnix vod Oʻzbekistona [Voprosi metodiki ix izucheniya i problemi xozyaystvennogo ispolzovaniya], T., 1974; Hasanov A., Sharipov E., Yer osti suvlari sirli xazina, T., 1970; Yer osti suvi harakatlari Berkinov E. U.
Elbek Berkinov.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |