Yertomirlar — togʻ jinsi yoriqlarini toʻldirgan mineral jismlar. Ikki yoʻnalishda choʻzilgan boʻladi. Togʻ jinslaridagi yoriqlarning mineral moddalar bilan toʻlishidan yoki yoriqlar boʻylab mineral moddalarning togʻ jinsi bilan metasomatik oʻrin almashinishidan hosil boʻladi. Yertomirlar oddiy — yakka mineralli yoriqlar va murakkab — oʻzaro chigallashib ketgan yoriqlar toʻplami, maydalangan yoki slaneslashgan zonalar holida uchraydi. Tasbehsimon, toʻrsimon, kamerali, linzasimon, shoxsimon, egarsimon, zinasimon, patsimon va boshqa xillari uchraydi. Atrof jinslar bilan boʻlgan aloqasiga koʻra kesib oʻtuvchi va qatlamli yertomirlar boʻladi. Yertomirlar uzunligi 1 km dan 200 km gacha (Kaliforniyadagi oltin rudali ertomir), chuqurligi 3 km dan ziyod (Hindistondagi Kolar konida). Oʻlchami va yotish sharoitiga koʻra apofiza va tomirchalar shakllari farq qilinadi. Yertomirlar bilan koʻpchilik mineral xom ashyo konlari bogʻliq (oltin, koʻrgʻoshin-rux rudalari, volfram, simob va boshqa). Yertomirlarning geologik va ishlanadigan ekspluatatsiya qatlam qalinligi farq qilinadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil