Yoʻldosh Eshbek (1950-yil 1-sentyabr; Samarqand viloyati Ishtixon tumani) — shoir, tarjimon. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, „Shuhrat“ medali sohibi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

Yoʻldosh Eshbek
Tavalludi 1-sentyabr 1950-yil (1950-09-01) (74 yosh)
Kasbi shoir, tarjimon
Ijod qilgan tillari Oʻzbekcha
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Alma mater Toshkent davlat universiteti
Mukofotlari

Hayoti va faoliyati

tahrir

Yoʻldosh Eshbek 1950-yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1977-yilda Toshkent davlat universitetining Filologiya fakultetini tamomlagan.

Shoirning ilk sheʼrlari 1978-yilda „Guliston“ jurnalida eʼlon qilingan. Ilk sheʼriy toʻplami 1981-yilda „Sogʻinib yashayman“ nomi ostida nashrdan chiqqan. Keyinchalik birin-ketin 1985-yilda „Yuksak daraxtlar“, 1987-yilda „Moviy turnalar“, 1988-yilda „Yaxshilikka qarayman“, 1989-yil „Daraxtlar ertagi“, 1990-yil „Hayot chechagi“, 1991-yil „Mangu masofa“, 2018-yil „Qizgʻaldoqlar ochildi“, 2019-yil „Yigʻlayotgan qiz“, 2020-yil „Koʻzlari koʻzguligim“, 2021-yil „Vatan nedir?“ kabi she’riy toʻplamlari nashr qilingan[1]. SSSR davri yillarida yozilgan „Oygulginam“, „Qadim ohanglar“ („Qoʻsh hayda“), „Qoʻshigʻing“ („Biz baxtiyor boʻlgaymiz xoʻp“), „Boychibor“, „Xabar“ („Alpomish“ dostonini oʻqib), „Alpomish“, „Tohir“ kabi necha oʻnlab she’rlari ozodlik, erkinlikka bagʻishlangan. Yoʻldosh Eshbek tarjima sohasida ham salmoqli ishlar qilgan boʻlib, Imom Gʻazzoliyning „Ey farzand“, Ahmad Lutfiy Qozonchining „Oʻgay ona“, „Hazrati Ali“, Fotima Temurning „Koʻngil do‘stlari“, „Tazkirat ul-avliyo“, Amina Shenlikogʻluning „Vijdon azobi“ hamda Oʻljas Sulaymonning „Sopol kitob“ va boshqa adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[2]. Quyida shoir ijodidan namuna:

 Yigʻlayotgan qiz
 
Bu ogʻir bogʻ ichra ogʻir qadamlar
Tashlab ketayotgan ogʻirgina qiz,
Dunyo koʻzlaringdan dunyo alamlar
Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz.
Tomchilar koʻzingdan norasidalik,
Soʻzga aylanmagan yonish tomchilar.
Beshafqat diydormi ogʻir judolik,
Yoʻqotish tomchilar, topish tomchilar.
Yoʻq, seni aldagan, birov aldagan,
U seni sevgandir, yoʻq, yoʻq, sevmagan.
Koʻksingga chiroyli oʻqlar qadagan,
Birovlar aldagan, birov aldagan.
Tomchilar koʻksingdan kelayotgan kuz,
Ogʻular tomchilar, gullar tomchilar.
Yaqin xotiralar... Idrok faromush,
Vijdoningni oʻyib urar tomchilar.
Vijdonsiz nomusli niqobin qoʻymas,
Vijdonning har dami ruhiy iztirob.
Vijdonsiz xatosiz kunlardan toʻymas,
Vijdon bu xatodan ulgʻaygan azob.

Seni yupatmoqqa jurʼat yoʻq menda,
Sen mening kechmishim, umrim boʻlagi.
Faqat men qaygʻular tilarman senga,
Kattakon quvonchning unsiz oʻlanin!
Aldanmoq tilarman senga koʻp marta,
Aldanmoq - dunyoga nazar, anglamoq.
Aldanmoq - koʻz yoshi qilmoq, yoʻq, artmoq,
Aldanmoq - kurashga otlanmoq demak.
Yigʻlamoq tilarman, qaynab yigʻlagin,
Tishlaringai sekin qayrab yigʻlagin!
Oʻnta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla!
Yuzta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla!
Mingta mard oʻgʻloning boʻlguncha yigʻla!
Paymonang toʻlguncha, toʻyguncha yigʻla!
Ular lazzatxoʻrlar, qaroqchilardir,
Umrlari uzun, sob boʻlmas, esiz!
Bu dunyo - aslida aldoqchilardir!
Bu dunyo - aslida yigʻlayotgan qiz!
Men senga qoʻshilib yigʻlay olmasman,
Faqat bosh egaman qaygungga soʻzsiz.
Men senga talpinib, aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yigʻlayotgan qiz!

Eʼtirof va tanqidlar

tahrir

Ozarbayjon fanlar akademiyasining bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yashar Qosim shoir ijodiga quyidagicha taʼrif bergan[3]:

...Yo‘ldosh Eshbek she’rlarini ich-ichidan bir shu’la – sog‘inch shu’lasi yoritib turadi. Lirik “men”ning rangin taassurot va sezgilari sog‘inch yog‘dulari yorug‘ligida oydinlashadi. Sog‘inch o‘ta emotsional bir kechinma sifatida bu she’rlarda lirik “o‘zni ifoda” shakli, yo‘sini singari moddiylashadi. Shu ma’naviy-poetik unsur Sog‘inchli olam sarhadlarini muayyanlashtiradi. Sog‘inch, ta’bir joiz bo‘lsa, lirik qahramon dunyosining og‘irlik markazidir. Turfa tuyg‘ular va hissiyotlar oqimining tutash nuqtasidir. O‘tmish bilan istiqbol, xotira va orzular xuddi mana shu nuqtada yuzma-yuz keladi...

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, tarjimon, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek shoirga shunday taʼrif bergan[4]:

...Yo‘ldosh Eshbek – turkiy-o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini topgan, o‘ziga xos xalqchil ovozga ega bo‘lgan, she’rlari daryo to‘lqinidek zalvar bilan to‘lqinlanib turadigan hassos shoir. U qaysi shakl va vaznda yozmasin, she’rlari xalq ohanglari tomon burilgan nuqtalarda alohida samimiyat va yuksaklik kasb etadi, muallifning qalb kengliklarini ochadi, ulkan ijtimoiy dard va g‘oyalarini ifoda etishda imkon paydo qiladi. Ana shu ma’noda Yo‘ldosh Eshbek milliy ohanglarni uyg‘otguvchi xalq shoiridir...

Mukofotlari

tahrir

1998-yilda shoir „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 2023-yil Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 32 yil toʻlishi arafasida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.

Manbalar

tahrir
  1. „Yo’ldosh Eshbek. Yo’llarimiz bir kun tutashar. She’rlar.“. kh-davron.uz. Qaraldi: 25-iyul 2024-yil.
  2. „YO‘LDOSH ESHBEK (1950)“. ziyouz.com. Qaraldi: 25-iyul 2024-yil.
  3. „Qo‘shiq – kurashning so‘z bosqichi. Ozarboyjonlik professor Yo‘ldosh Eshbek she’riyati haqida“. oyina.uz. Qaraldi: 25-iyul 2024-yil.
  4. „Yo‘ldosh Eshbek – xalq dardlari kuychisi“. yoshlikjurnali.uz. Qaraldi: 25-iyul 2024-yil.

Havolalar

tahrir