Yokyoku
YOKYOKU – Oʻrta asrlar yapon dramaturgiyasi janrlaridan biri. Yokyoku nazm va nasrning asosiy xususiyatlarini, xalq qoʻshiqlari, qadimgi mifologiya hamda buddizm falsafasini oʻzida mujassamlashtirgan edi. Dastlabki yokyokularda epiklik ustunlik qilgan boʻlsa, mumtoz yokyokular asta-sekin lirik xarakter kasb etdi, ularda she’riy parchalar bilan nasriy parchalar navbatlashib keldi. Yokyokularning mualliflari buddizm monaxlari boʻlib, ular oʻz asarlarida yangi sujetlar yaratmay, koʻproq xalq oʻrtasida yurgan afsona va tarixiy rivoyatlarga, xitoy adabiyotidan oʻtgan jangnomalarga asoslanib asar yaratdilar. Shuning uchun ham aksariyat yokyokularda diniy marosim, urf-odat va mistik motivlar yetakchilik qildi, ularning asosiy qahramonlari esa ilohiy kuchlar, ruhlardan iboratdir. Yokyokular uslubi koʻtarinki, balandparvoz boʻlib, asar ichidagi nasriy parchalar ham sajlangan shaklda uchraydi. Tuzilishi jihatidan yokyokular kichik epigraf (q)dan boshlanib, oʻz navbatida bir necha koʻrinishlarga boʻlinuvchi ikki yoki uch pardadan tashkil topgan. Oddiy soʻzlashuv yokyokularda ikkinchi oʻrinda turadi va aksariyat asarlar tragediyalardan iborat boʻlib, yetakchi artistlar maxsus nidob kiyib sahnaga chiqishgan. Yapon dramaturgiyasining birinchi janri boʻlmish yokyokularning ajoyib namunalari Kanama Kiyostugu va Seama Motokyolar ijodida uchraydi. XIV-XV asrlarga kelib yokyokular oʻz mashxurligini yoqotib asta-sekin rivojlanishdan toʻxtab qoldi.
Manbalar
tahrirJAHON ADABIYOTI TERMINLARINING QISQACHA IZOHLI LUGʻATI Toshkent Navroʻz nashtiyoti 2019-yil