Yonuvchi aralashma - dvigatellarda yonilgʻi bilan havo (oksigen)ning maʼlum nisbatdagi aralashmasi. Yo. a. karbyuratorli ichki yonuv dvigateli (IYOD) da silindrdan tashqarida (karbyuratorda) benzin bugʻlari bilan havo (oksigen)dan, gaz bilan ishlaydigan IYOD da gaz bilan havodan, dizel dvigatellarida silindrga kiritilgan qisilishidan qizigan havo bilan unga purkalgan dizel yonilgʻisidan hosil boʻladi. Yo. a. tarkibidagi 1 kg yonilgʻiga toʻgʻri keladigan havo (oksigen) miqdoriga qarab, meʼyordagi (1:15), suyuq (1:18), suyuqlashgan (1:16,5), quyuklashgan (1:13) va quyuq(1:12) xillarga boʻlinadi. Bu miqdor IYODga tushadigan yuk (nagruzka)ga qarab tanlanadi. Mas, dvigatelni ishga tushirishda quyuq, ortiqcha yuk bilan ishlashda (tepalikka koʻtarilishda) quyuklashgan, tekis yoʻlda bir maromda harakatlanishda meʼyordagi (normal), pastlikka tushishda suyuqlashgan va salt ishlashda suyuq Yo. a. hosil qilinadi. Avtotraktor dvigatellarida sovuq dvigatelni ishga tushirishda soʻriladigan havo yoʻlini toʻsib (zaslonka yordamida), boshqa hollarda esa akselerator tepkisi (pedali)ni bosib boʻshatib Yo. a. miqdori rostlanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil