Yorugʻlikning sochilishi – muhitda tarqalayotgan yorugʻlik dastasining mumkin boʻlgan barcha yoʻnalishlarda ogʻishi. Muhitning har xil jinsliligi va yorugʻlikning modda zarralari bilan oʻzaro taʼsiri yorugʻlik sochilishiga sabab boʻladi. Bunda yorugʻlikning intensivligi, spektri va qutblanishi oʻzgaradi. Yorugʻlik sochilishi asosida molekulalar, suyuqliklar va hokazoning tuzilishi oʻrganiladi. Yorugʻlikning Reley sochilishi (Reley qonuni), yorugʻlikning molekulyar sochilishi, yorugʻlikning kombinatsion sochilishi va boshqa xillari mavjud.

Yorugʻlik sochilishi hodisasidan fizika, kimyo va texnikaning turli sohalarida, turli-tuman tadqiqotlarda keng foydalaniladi. Yorugʻlik sochilishi spektri yordamida moddalarning atom va molekulyar xarakteristikalari, ularning elastiklik, relaksatsion va boshqa doimiylari aniqlanadi. Zarralarning oʻlchamlari va shakllarini aniqlashning koʻpgina usullari yorugʻlik sochilishi hodisasiga asoslangan. Lazer spektroskopiya asosida yorugʻlikning majburiy sochilish jarayoni yotadi va undan lazerlarda keng foydalaniladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil