Yovvoyi tabiatning umumjahon fondi
Yovvoyi tabiatning umumjahon fondi — yovvoyi hayvonlar va tabiiy jamoalarni muhofaza qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun davlatlar, tashkilotlar va xususiy shaxslardan mablagʻ yigʻish maqsadida tuzilgan nodavlat tashkilot. 1961-yilda taʼsis etilgan. YUNESKO, FAO Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti va b. tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlaydi. Tashkilot har xil tashkiliy ishlar (asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda) — noyob va yoʻqolib borayotgan hayvonlar turlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy ekspeditsiyalar va muhofaza qilishga moʻljallangan yangi joylar tashkil etish maqsadida yerni ijaraga olish, milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar va b. uchun transport, aloqa vositalari va b.ni sotib olish bilan shugʻullanadi. Jumladan fondning mablagʻi va bevosita koʻmagi bilan Koto-Donyan milliy bogʻidagi (Ispaniya) eng soʻnggi qironqora burgutlar saqlab qolindi. Fond dengiz qoʻriqxonalarini tashkil etish, ulardagi ekosistemalar va ayrim turlarni oʻrganishga koʻmaklashadi. Fond "World Wildlite" ("Dunyo yovvoyi hayvonlari") yillik jurnali va VVF — yangiliklar (WWT—news) gaz.ni nashr qiladi; kitoblar, plakatlar chop etadi. Dunyo tabiatini muhofaza qilish bilan shugʻullanadigan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida oltin medal taʼsis etilgan. Fond shtabkvartirasi Glan sh. (Shveysariya)da, 30 dan ortiq mamlakatlarda uning boʻlimlari bor.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |