Yuqori mantiya
Yuqori mantiya, Yer yuqori mantiyasi — Yer sharining qobiqlaridan biri; Yer poʻstining ostida yotuvchi Yer mantiyasining yuqori qismi. Boʻylama seysmik toʻlqinlar tezligi sakrash yoʻli bilan oʻsib boradigan qatlam — Moxorovichich yuzasi ular oraligʻidagi chegara hisoblanadi. Yuqori mantiyaning yotish chuq. 5–75 km gacha, tagi 1000 km chamasi chuqurlikda joylashgan. Taxmin qilinishicha, Yuqori mantiya oʻta asosli (peridotit) va asosli togʻ jinslaridan (eklogit) tarkib topgan. Yuqori mantiya (yuqoridan pastga) substrat, kam qattiqlik va yopishqoqlikka ega boʻlgan jinslar qatlami yoki astenosfera va seysmik toʻlqinlar tarqalishi tezliginnig jadal oʻsishi kuzatiladigan Golitsin katlamita boʻlinadi. Substrat Yer poʻsti bilan birgalikda litosferani tashkil qiladi. Yuqori mantiya ning tuzilishi har xil tektonik zonalar ostida turlicha; ular seysmik toʻlqinlar tezligi, issiqlik oqimi, Yuqori mantiya ustki qatlamining zichligi va suyuq magma oʻchoqlarining mavjudligi taʼsirida paydo boʻladi. Koʻpgina tektonik gipotezalarda Yer poʻsti Yuqori mantiya moddalarining erishi natijasida hosil boʻladi deb hisoblanadi, unda tektonik, magmatik, metamorfik va boshqalar jarayonlarning anchagina qismi faqat Yer poʻstidagina emas, balki Yer Yuqori mantiyada sodir boʻlayotgan maʼlum darajadagi oʻzgarishlarga ham bogʻliqdegan fikrlar mavjud. Yuqori mantiya tuzilishining muhim xossalaridan biri — seysmik toʻlqinlar tezligi pasaygan zonaning koʻpayishidir. Yer poʻstida sodir boʻladigan tektonik, magmatik va metamorfik jarayonlarda, foydali qazilmalar hosil boʻlishida Yuqori mantiya muhim rol oʻynaydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |