Akrom Yusupov
Akrom Mamatovich Yusupov (1905.1.5, Quva — 1975.26.11, Toshkent) — sirk artisti, masxaraboz. Oʻzbekiston xalq artisti (1961). 8 yoshidan amakisi — dorboz Hotam Madaliyevdan dorbozlik va muallaqchilikni oʻrgangan. 14 yoshidan xalq sirkchilari truppasida ishlagan. 1920—30 yillarda komik akrobatika, voltijyorlik, turnik ustida mashq bajarish, chavandozlik tomoshalarida qatnashgan. 1942 yildan Oʻzbek sirki jamoasi tarkibidagi Toshkanboyevlar dasturida ishtirok etdi va dorbozmasxaraboz sifatida keng taniddi. 1953 yildan klounada sohasida faoliyat koʻrsatib, qadimiy masxaraboxtik va qiziqchilik anʼanalarini davom ettirib, uni rivojlantirib zamonaviy oʻzbek klounadasining eng yaxshi namunalarini yaratdi. Yu. tomoshalari oʻrgatilgan eshak va qoʻy ishtirokida oʻtadi. Yu. zamonaviy Xoʻja Nasriddin obrazini gavdalantirdi va oʻzining xushchaqchaq va oʻtkir zehnli qahramoni bilan betakror komik isteʼdodini "ISH — 421", "Diplomli eshak", "Pul yoki aql", "Oʻquvchi", "Sartarosh", "Taftish", "Boks", "Aqlli jonivor" kabi klounadalarda namoyish etdi. "Sirli kristall", "Akrom, badjahl xon va quyoncha" kabi sirk pantomimalarida bosh rollarni ijro etdi. 1970-yillardan Toshkentdagi "Sahnadagi sirk" ijodiy jamoasi bilan hamkorlik qilgan. Muallaq oshish, chavandozlik va dorbozlikni yaxshi egallaganligi tufayli parodiyali masxarabozlikni usta sanʼatkor sifatida bajarib, tomoshabinlar tahsiniga sazovor boʻlgan. Yu. soʻz va mimika ustasi. U sodda, samimiy, vaziyatga darhol, lekin bamaylixotir baho beruvchi, tadbirkorligini namoyish etuvchi, ishonuvchanligi, tepsatebranmasligi bilan kulgi uygʻotuvchi odam qiyofasini mohirona talqin etgan. Andijon viloyat Marhamat shahri koʻchalaridan biriga Yu. nomi berilgan.
Oʻgʻli Mahmud Yusupov (1930.12.11, Toshkent) — dorboz, akrobat. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1964), 1951 yildan Toshkanboyevlar dasturining qatnashchisi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |