Zikri jaliy
Zikri jaliy - ochiq-oshkor zikr tushish.
Zikr - arab tilida soʻzlash, bayon qilish, xotirlash, yodga olish, «jaliyat» ravshanlik, oshkoralik, ochiq-oydinlik degan ma’nolarni anglatadi. Zikri jaliyni zikri jahriy, ya’ni jahriya zikr ham deb atashadi. Chunki bunda ovoz chiqarib zikr tushilgan. Alloh ismlarini ovoz chiqarib takrorlash zikri aloniya ham deyilgan.
Tasavvufda esa zikr - dilni, fikr va tuygʻuni Allohga yoʻnaltirib, U bilan bevosita rishta bogʻlash, ismlarini zikr qilish orqali Uning cheksiz qudrati, buyuk goʻzalligini idrok etishni bildiradi. Hatto, zikrga orifning taomi deb qaraladi. Allohning nomlari zikr qilinaversa, oxiri Alloh zokir, ya’ni sufiyning oʻzini zikr etadi. Solik zikr asnosida shuni his qiladi, mushohada etadi.
Qalandarlar aholi gavjum koʻchalarda, bozorlarda ham ochiq-oshkor zikr tushgan. Zikri jaliyning ziddi zikri xufiya deyiladi. Bunda, birinchidan, zikr tushilayotgani boshqalarga oshkor etilmaydi, koʻrsatilmaydi, ikkinchidan, ovoz chiqarilmaydi, zikr soʻzlari ichda aytiladi.
Yassaviya tariqati vakillari jahriy zikr tushgan, xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari esa, asosan, xufiya zikr tushishgan. Ammo xojagon-naqshbandiyaning ayrim pirlari ham xufiya, ham jahriya zikr bilan shugʻullangani tasavvuf tarixiga doir manbalarda qayd etilgan.
Alisher Navoiy oʻzining «Nasoyim al-muhabbat min shamoyim al-futuvvat» tazkirasida «...Ul Xorazmda jahr zikri aytur erdi va uni (tovushi - S. O.) toʻrt yigʻochda eshitilur erdi» deb yozadi Mavlono Zahiriddin Xilvatiy haqida[1].
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360-bet. ISBN 978-9943-12-346-5.