„XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ – Alisher Navoiy tomonidan uning piri va ustozi Abdurahmon Jomiy vafoti munosabati bilan 1494-yilda yozilgan, adabiyotning xotira turiga oid asar.

„XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ iborasi „hayratlanarli beshlik“ maʼnosida. Jomiy XIV asrning 40-yillari oxiri va 50-yillarida Samarqandda Ulugʻbek madrasasida, soʻng boshqa madrasalarda oʻqib yurar ekan, darslarni yaxshi oʻzlashtirishda u boshliq 5 talaba „XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ deb nom chiqargan. „XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ deganda odatda 5 yorugʻ yulduz (aniqrogʻi, sayyoralardan Atorud, Zuhra, Mirrix, Mushtariy, Zuhal) koʻzda tutiladi. Bunda Navoiy oʻsha iboradan foydalangan.

„XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ risolasi ham 5 qismdan tashkil topgan boʻlib, muqaddima, 3 maqolat hamda xotimadan iborat. „Muqaddima“da Jomiyning qachon va qayerda tugʻilgani, koʻproq qayerda yashagani, nasl-nasabi, juda erta savod chiqargani, oʻtkir isteʼdod egasi boʻlib, kichiklikdan sheʼrlar yoza boshlagani, tasavvufda Saʼdiddin Koshgʻariyga shogird tushgani, ilmda tez kamol topib, odamlar bilan muomalada oʻzini har tomondan oddiy tutgani toʻgʻrisida maʼlumotlar beriladi.

„XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“ning asosiy qismi 3 maqolatdan tashkil topgan boʻlib, birinchi maqolatda Navoiy shaxsan oʻzi bilan Jomiy orasida yuz bergan voqea va hodisalar, noyob ijodiy suhbat va uchrashuvlar haqida 16 hikoya keltirgan. Ularning har birida Jomiyning yuksak aql-zakovati, oʻz yaqinlari va shogirdlariga samimiyligi, shu bilan birga, talabchan boʻlgani, hozirjavobligi, hazil-mutoyibaga moyilligi, koʻp masalalarda Navoiy bilan hamfikr boʻlgani yaqqol koʻzga tashlanadi.

Ikkinchi maqolatda Navoiy va Jomiyning oʻzaro yozishmalariga izohlar berilgan. Bu ikki ulugʻ shaxs bevosita muloqot imkoniyati yoʻq vaqtlarda bir-birlariga uzluksiz xat yozib, hol-ahvol soʻrashib turishgan. Ular oʻz maktublarida baʼzan oʻz davrining muhim ijtimoiy-siyosiy muammolari yuzasidan ham fikr almashishgan. Bu nomalar goh nasrda, goh nazmda bitilgan. Masalan, Jomiyning 1472-yil haj safariga chiqib, Iroqning Dajla daryosi boʻyidan Navoiyga Vatanini sogʻinib yoʻllagan xatidagi gʻazalida shunday bir bayt bor: Bar kanori Dajla dur az yoru mahjur az diyor, Doram az ashki shafaqgun Dajlai xun bar kanor. Mazmuni: Dajla boʻyida yoru diyor bilan ayrilikda, Shafaqrang koʻzyoshlarimdan shu yerda yana bir Dajla paydo boʻldi.

Navoiy esa oʻsha „gʻazalgʻa tatabbuʼ qilib“, noma yozib, Jomiyga joʻnatgan. „XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN“dan maʼlum boʻladiki, Navoiyning „Tuhfat ulafkor“ qasidasining yaratilishida Jomiyning ham roli katta boʻlgan.

Uchinchi maqolatda Jomiy yozgan va turli adabiy janrlarga oid 40 asarning roʻyxati, bu asarlarning bir qanchalarining yuzaga kelishida Navoiy sababchi boʻlgani aniq misollar bilan izohlab berilgan.

„Xotima“ qismida Navoiy Jomiy huzurida mutolaa qilgan va foydalangan kitoblarning sharhlari, uning baʼzi zamondoshlari haqida oʻta salbiy fikrlar bildirgani va buning sabablari, shoirning vafoti va dafn etilish tafsilotlari gʻoyat taʼsirli koʻrsatilgan. Asar oxirida Navoiyning ustozi motami munosabati bilan forsiy tilda yozgan marsiyasi matni toʻla keltirilgan.

Nashri: Alisher Navoiy, Mukammal asarlar toʻplami [20 j.li], 15j., T., 1999.

Adabiyot

tahrir
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi [5j.li], 2j., T., 1977.

Abduqodir Hayitmetov.