„Mustaqillikning 25 yilligi“ konidagi texnogen hodisa

„Mustaqillikning 25 yilligi“ konidagi texnogen hodisa — 2024-yilning 1-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Kofrun qishlogʻida sodir boʻlgan. „Koʻlqamish“ mahallasi hududida joylashgan „Mustaqillikning 25 yilligi“ koniga qarashli 604-sonli quduqda burgʻilash ishlari olib borilayotgan vaqtda texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan[1]. Voqea sodir boʻlganidan bir necha kun oʻtib aholi Boysun shahridagi maktab va kollejlarga evakuatsiya qilingan. 2-sentyabr holatiga koʻra, hidi aynigan tuxumni eslatuvchi zaharli gaz taʼsirida hududda havoning zaharlanish darajasi 13,9 mg/metr kubga yetgan. Sogʻliqni saqlash vazirligining sanitariya me’yorlariga ko‘ra vodorod sulfat 2 sinfli xavfli modda bo‘lib, uning havodagi me’yori 0.008 mg/m³ dir[2]. Muammoni bartaraf qilish uchun Rossiya va AQShdan mutaxassislar chaqirtirilgan. 14-sentyabr tush vaqti minoradan chiqib turgan quvur ustiga sizib chiqishga qarshi qurilma oʻrnatilgan. Ertasi kuni tushdan keyin barit nomli maxsus eritma yuborilgan va gaz chiqishi toʻxtatilgan[3]. Oradan ikki kun oʻtib, 17-sentyabrda ikkinchi bor konda portlash sodir boʻlgan[4].

„Mustaqillikning 25 yilligi“ konidan gaz sizib chiqishi
Asosiy
Turi Vodorod sulfid gazini sizib chiqishi
Sababi Texnologik jarayonning buzilishi
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Joy Surxondaryo viloyati Boysun tumani
Sana 17-sentyabr 2024-yil
Talofatlar
Halok boʻlganlar 4
Jabrlanganlar 11
Xarita
Map
Boysun tumanidagi M25 konidan sizib chiqayotgan vodorod sulfid. 17-sentyabr, 2024-yil.

Oqibatlari

tahrir

Oltingugurt gazining tarqalishi tub aholi va qoʻshni hududdagilarning sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Vodorod sulfidning taʼsirida ularda kuchli bosh ogʻrigʻi, lanjlik, nafas olishning qiyinlashishi, qayd qilish, qaltirash holatlari kuzatilgan.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, tub aholiga hodisa haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot, foto va video tarqatmaslik aytib oʻtilgan.

„Koʻlqamish“ mahallasida yashovchi ta’lim sohasi vakillaridan biri hodisani quyidagicha izohlaydi.

Boysun tumanida yashayman. Shaharga ham, tumanning boshqa joylariga ham gazning hidi kelyapti. Mana, hozir ham ishdan uyga keldik, eshik-derazalarni yopib, tashqariga chiqmay oʻtiribmiz. „Kofrun qishlogʻida yashaydiganlar evakuatsiya qilindi“, degan xabarlar chiqdi, lekin ularga boshpana berilmagan. Uyidan chiqarib yuborilgan aholi qarindoshlarining uyida, u eshikdan bu eshikka borib jon saqlayapti. Joy topolmaganlari juda ayanchli ahvolda, koʻchama-koʻcha yurishga majbur boʻlyapti. Ora-sira mol-holidan xabar olgani borib keladi, lekin uyiga qoʻyilmayapti. Hamma tarqoq, hech kim yordam bermayapti, odam arz-dodini kimga aytishni ham bilmaydi... Hamkasblarim ko‘rib qolgan ekan — kecha “Toza hudud” korxonasining bir avtobus ayollarini zambillarga solib, shifoxonaga olib borishibdi. Ular ertalab Kofrun qishlog‘ini tozalashga olib borilgan ekan, kun davomida gazdan zaharlanib, yiqilib qolgan. Hamma vrachlar o‘sha yerda, Termizdan ham shifokorlar kelgan. Zaharlanganlarni kislorod apparatiga ulash kerak, ustiga-ustak svet ham o‘chib qolaveradi. Tunov kuni bir tanishim mazasi qochib, yiqilib qoldi. Tez yordamga olib borsak, kislorod qo‘yish uchun svet yo‘q ekan. Rahbarlar Boysunning xalqi to‘g‘risida qiziqmayapti. Mayli, biz yoshimizni yashaganmiz, lekin bolalar-chi? Boshqa joylarni yopmasa ham, bog‘cha bilan maktabni yopish kerak. Bolalarni himoya qilishi kerak-da. Eshik-derzalarini yopganimiz bilan baribir u hiddan himoyalanib qolmaymiz. Gaz butun Boysunga tarqalmoqda.

Kofrun qishlogʻidan 10 kilometr uzoqlikda yashovchi ayol oltingugurt gazining aholiga taʼsiri haqida shunday deydi[5]:

Kofrundan 10 kilometr uzoqda turamiz. Ahvol yomon. Ko‘chib ketaylik desak, sharoitimiz yo‘q. Davlat hali odamlar bilan qiziqqani yo‘q. Umuman, ekologiya buzilib ketgan, sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazyapti. Ayniqsa, tushlik payti keladigan hidiga chidab bo‘lmaydi, hovliga chiqishning umuman iloji yo‘q. Gaz bilan bog‘liq holat qay darajada jiddiyligini bilish uchun o‘sha atrofda yashashning o‘zi kifoya. Na kechamiz, na kunduzimizda halovat bor. Boshimiz kasallikdan chiqmay qoldi. Barcha savollarimiz javobsiz qolyapti. Xalqni yaxshi so‘z bilan ovutib qo‘yishyapti, lekin holat yomonlashsa yomonlashyapti-ki, yaxshilanayotgani yo‘q.

17-sentyabr kuni „Mustaqillikning 25 yilligi“ konida kuzatilgan ikkinchi texnogen holat oqibatida 4 kishi vafot etgan va 11 kishi jarohatlangan[6]. Halok boʻlganlar konda ishlovchi pudratchi hodimlar boʻlgan[7][8].

Kon haqida

tahrir

„Mustaqillikning 25 yilligi“ gaz koni 2019-yilning 24-iyul kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ochilgan. Obyekt M25 konida burgʻulash ishlari olib borish jarayonida aniqlangan. Gazning o‘rtacha kunlik oqimi 300 ming kubometr. Olingan tabiiy gazning sanoat oqimi hududning gazga to‘yinganligidan dalolat beradi. Burg‘ulash, quduqlarni qurish kabi ishlar Markaziy va Janubiy Osiyo, Rossiya va Yaqin Sharqda yetakchi neft va gaz kompaniyalariga quduqlarni qurish va qayta ishlash xizmatlarini koʻrsatadigan xalqaro neft konlari kompaniyasi boʻlgan ERIELL ishtirokida „SURHAN GAS CHEMICAL OPERATING COMPANY“ tomonidan mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilgan[9]. Kon 100 mlrd kub metrdan ziyod gaz zaxirasiga ega. Hududda uglevodorodlar zaxirasini aniqlash maqsadida baholash qudug‘ini qurish ishlari 2017-yil boshida boshlangan[10]. Loyihaning birinchi bosqichi 2023-yil may oyida ishga tushirilgan. 2025-yilda to‘la quvvatga chiqishi rejalashtirilgan[11][12].

“M—25” (“Gajak”) koni ilk bor 1933-yilda geologik tadqiqot natijasida aniqlangan va 1938-yilda tayyorlangan. Oradan 3 yil oʻtib, 1941-yilda hududda birinchi qidiruv qudug‘i burg‘ilangan. 1974-yilda esa 5-sonli quduqni sinovdan o‘tkazish jarayonida quyi bo‘r qatlamlaridan gazning sanoat oqimlari olingan va oʻsha yili tuzilma kon toifasiga kiritilgan.

Dastlabki hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, kon zaxirasi 40 mlrd m3ni tashkil etgan. 2006—2008-yillarda Malayziyaning “PETRONAS” kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi bilan imzolangan qo‘shma o‘rganish to‘g‘risidagi bitim doirasida Gajak maydonida 3D seysmik qidiruv ishlari olib boriladi va bitta quduq sinovdan o‘tkaziladi. Kompaniyaning loyiha uchun kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarining umumiy miqdori 102 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Investitsiya siyosatidagi o‘zgarishlar va eng asosiysi, „Gajak“ konini o‘zlashtirishning murakkabligi sabab kompaniya loyihadan chiqqan.

Murakkab geologik tuzilish ko‘p sonli strukturaviy buzilishlarning mavjudligi, filtratsiya-sig‘im xususiyatlarining katta xilma-xilligi bilan bog‘liq. Bu yerda samarali qazib olish uchun butasimon burg‘ilash usulidan foydalanish talab etiladi. Qiya yo‘nalishdagi quduqlarni qurish 1200 m gacha. Kondagi anomal yuqori qatlam bosimi 65 MPa. Kesimi bo‘yicha yuqori harorat 150°S gacha yetadi[13].

Manbalar

tahrir
  1. „Boysundagi konda oltingugurt gazi chiqishi kuzatildi“. kun.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  2. „Boysundagi gaz konida portlash. Nima ma’lum?“. ozodlik.org. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  3. „Бойсундаги кондан водород сульфид сизиб чиқиши бартараф этилди“. xabar.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  4. „Бойсундаги газ конида яна техноген ҳолат юз берган: қурбонлар бор“. xabar.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  5. „“Ahvol yaxshi emas”. Boysunliklar — gaz konidagi portlashdan keyingi vaziyat haqida“. gazeta.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  6. „Boysun konidagi avariyada 11 kishi tan jarohati olgan“. oyina.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  7. „Расман: М-25 конидаги аварияда 4 киши ҳалок бўлди“. gazeta.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2024-yil.
  8. „Rasmiylar Boysundagi gaz konida 4 kishi o‘lganini tan oldi“. ozodlik.org. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  9. „Boysun tumanida yangi gaz koni ochildi“. kun.uz. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  10. „«Mustaqillikning 25 yilligi» koni hududida baholash qudug‘i qurilishi boshlandi“. gazeta.uz. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  11. „Shavkat Mirziyoyev Boysunda "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi“. uzreport.news. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  12. „Surxondaryoda yirik gaz-kimyo majmuasi qurilmoqda“. president.uz. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.
  13. „“Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuz bergan texnogen hodisa yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi“. gov.uz. Qaraldi: 23-sentabr 2024-yil.

Havolalar

tahrir